Янгиликлар
20
AYOLLARNI TAZYIQ VA ZO‘RAVONLIKDAN HIMOYA QILISH
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, ayollarning hokimiyat hamda boshqaruv sohalarida salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Mazkur qonun bilan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlanishida tashkilotlarning vakolatlari belgilab berilgan.
Xususan, mazkur Qonun bilan himoya orderini berish tartibi belgilangan. Unga muvofiq himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga beriladi. Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
Shaxs himoya orderini olish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida himoya orderini o‘ttiz kun muddatgacha beradi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Agar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs bir joyda ishlasa yoki o‘qisa, tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshiruvchi ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan jabrlanuvchiga himoya orderi berilganidan keyin bir ish kuni ichida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining ish yoki o‘qish joyiga, agar tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tashkilot rahbari bo‘lsa, yuqori turuvchi organga, jabrlanuvchi va tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi bevosita aloqani taqiqlash to‘g‘risida taqdimnoma yuboriladi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi ishlayotgan yoki ta’lim olayotgan tashkilot rahbari taqdimnomani olganidan keyin, uch ish kuni ichida jabrlanuvchi hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi bevosita aloqani bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi.
Agar xavf hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra ko‘pi bilan bir yilgacha muddatga jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Himoya orderini berish yoki himoya orderini berishni yoxud uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Himoya orderining shakli va uni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi deb belgilangan.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish hamda ularni jamiyatda erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining ahamiyati beqiyos hisoblanadi.
Mazkur Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Unga ko‘ra xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ochiqlik va shaffoflik belgilangan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qiluvchi va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator kafolatlar belgilab berilgan bo‘lib, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash shular jumlasidandir.
Xususan, Qonunga muvofiq davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida turli jinsdagi shaxslarning ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi.
Davlat xotin-qizlarga erkaklar bilan teng sharoitlarda va hech bir kamsitishsiz xalqaro miqyosda davlatning vakili bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘radi.
Davlat xizmatiga qabul qilish chog‘ida va uni o‘tash davrida jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishdagi tenglik malakaga va kasbiy tayyorgarlikka muvofiq ta’minlanadi.
Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda ko‘tarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qo‘llashga ruxsat beriladi. Kvota vaqtinchalik chora sifatida joriy etiladi hamda u davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilishiga qarab bekor qilinishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligiga rioya etilishi zarur.
Davlat organlarining rahbarlari va tegishli mansabdor shaxslar xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishda teng huquqlilikni ularning qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq ta’minlashi shart.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda jamiyatning ko‘plab sohalarida faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha davlat tomonidan berilgan kafolatlar mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak e’tibordan darak beradi.
Vazirlikning sho‘ba yetakchi maslahatchisi J.Ismoilov