Янгиликлар
20
MANFAATLAR TO‘QNASHUVINI TARTIBGA SOLISH
So‘nggi yillarda davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda yuzaga kelgan bunday holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni 2024 yil 5 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanishi davlat tashkilotlari faoliyatida urug‘-aymoqchilik, tanishbilishchilik kabi illatlariga chek qo‘yishga huquqiy asos bo‘ldi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi” xizmat burchi bilan shaxsining shaxsiy manfaatlari o‘rtasidagi ziddiyatni o‘z ichiga oladi. Agar manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmasa va to‘g‘ri boshqarilmasa, ular tashkilotlarning yaxlitligiga jiddiy tahdid solishi, davlat va xususiy sektorda korrupsiyaning avj olishiga olib kelishi mumkin. Manfaatlar to‘qnashuvi butun dunyoda jamoatchilikni tashvishga soladigan asosiy muammoga aylandi.
Bundan tashqari, biznes va notijorat sektorlari bilan tobora ko‘proq hamkorlik qilayotgan davlat sektori mansabdor shaxslarning shaxsiy manfaatlari va ularning xizmat (lavozim) majburiyatlari o‘rtasidagi ziddiyatning yangi shakllarini yuzaga keltirmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishi mexanizmlari ishlamay, manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaga aylansa, davlat hokimiyati institutlarining obro‘si sinovdan o‘tkaziladi va ularga nisbatan ishonchsizlik kuchayadi. Xususiy sektorda ham korporativ boshqaruvdagi kamchiliklarning asosiy sababi sifatida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan.
Shundan kelib chiqib, manfaatlarni taqiqlab bo‘lmasada, ularni to‘g‘ri boshqarish kerakligi har bir insonning manfaatlari borligini tushunish va tan olish muhim hisoblanib, kuchli va konsolidatsiyalangan tizimida manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va ularni samarali boshqarish demokratik yutuqlarni himoya qilishning kaliti hisoblanadi.
Qabul qilingan Qonunda yuqoridagi maqsadlar mujassam bo‘lib, bu o‘z navbatida birinchi navbatda uning tushunchasida aks etganini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, Qonun bilan “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniq tarif berilib, buning natijasida shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish bo‘yicha cheklovlar belgilandi.
Shuningdek, shaxsning shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyatlarni tartibga solish qoidalari belgilab berildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 5 iyundagi PQ–210-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirish belgilandi: davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash mexanizmlarini samarali joriy etish imkoniyatlarini tahlil qilish; davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘luvchi holatlarni o‘rganish, ularni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka muvofiq bo‘lgan choralarning ko‘rilishida yagona amaliyotni shakllantirish; davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy ta’minotlari Qonun bilan belgilangan talablarga muvofiq takomillashtirilishini ta’minlash; korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish hamda hamkorligini rivojlantirish choralarini ko‘rish; jamiyatda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish. Manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlari davlat organlari va tashkilotlarining ko‘plab munosabatlarida vujudga kelayotganligini inobatga olgan holda, ularni aniqlash va tartibga solish har bir davlat tashkiloti rahbarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘z navbatida, ko‘plab manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlari qonunchilik hujjatlarida aniq tartibga solingan bo‘lsada, ayrim munosabatlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan mazkur vaziyatlarni tartibga solish uchun Qonunda belgilangan tartibga amal qilinishini taqozo etadi. Mazkur qoidalarni amalga tatbiq etish uchun barcha davlat organlari va tashkilotlariga manfaatlar to‘qnashuviga oid qoidalarga rioya qilish majburiyati yuklanmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bunday holatlarga barham berish jamiyatdagi ijtimoiy muhitning barqarorligini ta’minlashga va muammoli vaziyatlarning oldini olishga yordam beradi.
Vazirlikning sho‘ba bosh maslahatchisi D.Habibullayeva