Янгиликлар
19
Shartnomaga asosan yuzaga kelgan qarzdorlik penyasi bilan tadbirkor foydasiga undirib berildi
Shartnomaga asosan yuzaga kelgan qarzdorlik penyasi bilan tadbirkor foydasiga undirib berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligiga “Nukus Ildyar Qurilish” MChJ direktori I.Utegenov Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan shartnomaga asosan yuzaga kelgan 214 447 119,49 soʻm asosiy qarzdorlikni toʻlab berilmayotganligini bildirib, ushbu qarzdorlikni penyasi bilan undirib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Vazirlik tomonidan murojaat oʻrganib chiqilganida taraflar oʻrtasida 2022-yil 9-iyunda 1-sonli pudrat shartnomasi tuzilganligi aniqlandi.
Shartnomaning 2-bandida pudratchi “Nukus davlat pedagogika instituti hududida 90 oʻrinli maktabgacha ta’lim muassasi binosi qurilishi ishlarini bajarish, jihozlarni o‘rnatish, foydalanishga topshirish majburiyatini, buyurtmachi esa qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni qabul qilish va to‘lovni amalga oshirish majburiyatini olgan.
Taqdim etilgan hujjatlarga koʻra, 2024-yil 7-iyun holatiga buyurtmachi tomonidan 214 477 199,46 soʻm pul mablagʻlari toʻlab berilmaganligi ma’lum boʻldi.
Shartnomaning 20-bandida joriy moliyalashtirish bajarilgan ishlar sifati tekshirilganidan keyin, ishlarni bajarish va moliyalashtirish jadvallariga muvofiq obyektning umumiy shartnomaviy joriy qiymatining 95 foizi doirasida amalga oshirilishi, 5 foizi esa bir yillik kafolat muddati tamom bo‘lganidan keyin, tegishli hujjatlar taqdim qilinganidan so‘ng oshirilishi belgilangan.
Hujjatlarga koʻra, ushbu obyektlarni foydalanishga qabul qilish haqidagi davlat qabul hay’atining dalolatnomasi 2023-yil 17-aprelda rasmiylashtirilgan.
Biroq, buyurtmachi tomonidan ishlar qabul qilib olinganligiga bir yillik kafolat muddati oʻtganligiga qaramasdan pudratchiga bajarilgan ishlar uchun qolib ketgan 214 477 199,46 soʻm pul mablagʻi toʻlab berilmagan.
Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 631-moddasi birinchi qismiga asosan, pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan ma’lum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 638-moddasi birinchi qismiga asosan, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin toʻlashi shart.
Shartnomaning 64-bandida buyurtmachi pudratchiga kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyatlar bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya toʻlashi, bunda penyaning umumiy miqdori kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan oshmasligi belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Nukus Ildyar Qurilish” MChJ direktori I.Utegenovning manfaatini koʻzlab Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutidan yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish boʻyicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan tadbirkor I.Utegenovning foydasiga 214 447 119,96 soʻm asosiy qarzdorlik va 15 100 000 soʻm penya undirib berildi.
Aysanem Abdikadirova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya
vazirligi Huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish va metodik ta’minlash
shoʻbasi boshligʻi