Янгиликлар
14
O‘RTA MAXSUS, KASB HUNAR, OLIY TA’LIM TO‘G‘RISIDAGI HUJJATLAR NOSTRIFIKATSIYASI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, ushbu Nizom xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi 1992-yil 1-yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish tartibini belgilaydi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun talabgorlar tomonidan bevosita davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilinadi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning skaner qilinib, pdf formatida saqlangan nusxasi;
xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan hamda skaner qilinib, pdf formatida saqlangan nusxasi.
Xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bepul amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun quyidagi miqdorda yig‘im undiriladi:
o‘rta maxsus va kasb-hunar (professional) ta’limi bo‘yicha — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari;
oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi bo‘yicha — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;
Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur bandning ikkinchi-uchinchi xatboshilarida belgilangan yig‘imning 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda yig‘im davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun belgilangan yig‘imning 90 foizi miqdorida undiriladi.
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi:
xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta’limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi
bo‘lim boshlig‘i A.Jabbarov