Янгиликлар
14
Kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli qarorining 1-ilovasi Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi. Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo‘lgan oilalarga va yakka-yolg‘iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Agar bir oilada tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan bolalar egizak bo‘lsa, ularning biri yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan kichik bola, keyingilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi hisoblanadi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi. 2022-yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tartibda oila a’zolarining taqdim etgan arizalariga asosan “Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilgandan so‘ng tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tartibda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.
Oilaning muomalaga layoqatli istalgan a’zosidan biri (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, 18 yoshga to‘lgan, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan (ota-onasi, ulardan biri yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs bilan birga yashovchi) bolasi yoki oilaning farzandlikka olingan bolasi yoxud vasiylikka olingan shaxslar) ariza beruvchi bo‘lishi mumkin. Har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun ariza topshirish va “Yagona reyestr” ATga kiritish bir oyda bir marta amalga oshiriladi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni yangi muddatga tayinlash uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilaga bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam yashash joyi bo‘yicha oilaning muomalaga layoqatli a’zosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi.
Oila a’zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadning hisob-kitobi, oila a’zosi nomida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mol-mulki va avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi.
Oilani kam ta’minlangan oila deb e’tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Yagona reyestr” AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha daromad bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan yoki iqtisodiy ahvoli o‘zgarishi qayta o‘rganilayotgan oydan oldingi oygacha bo‘lgan oxirgi uch oyi uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam AT “Xalq banki”ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (plastik kartalari) orqali to‘lanadi.
Qo‘ng‘irot tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti M.Seytbayeva