Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Merosxo‘rga meros guvohnomasi qancha muddatda beriladi?


Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma berish notarial harakat turlaridan biri bo‘lib, ushbu notarial harakat murakkabligi bois notariusdan alohida e’tibor, bilim va tajribani talab qiladi
Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.
Meros qoldiruvchining vafot etgan kuni (zarurat bo‘lganda vafot etgan vaqti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1146-moddasiga ko‘ra meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma beradi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat, ya’ni 6 oy tugamasidan oldin ham berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabr kungi 726-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishning Ma’muriy reglamenti”ga ko‘ra merosxo‘r shaxsan o‘zi meros ochilgan joydagi notarial idoraga kelib, yozma ariza bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yohud “E-notarius” axborot portali orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tarzda murojaat qiladi.
Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi, agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.
Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas!

Bo‘zatov tumani davlat notarial
idorasi notarius yordamchisi  N.Jumaniyazova