Янгиликлар
13
Odam savdosi-davr muammosi
Bugungi kunga kelib davrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy va ko‘p tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi jahon miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Odam savdosi muammosi – transchegarviy jinoyat, u hech qanday milliy chegaralarni tan olmaydi.Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning
2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.
Shunga qaramay, har yili millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi illati jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan XXI asrning jiddiy muammolardan biridir. Mehnat migratsiyasi hamda axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan shugʻullanadigan jinoyatchi guruhlarga oʻz qabih niyatlarini amalga oshirishga imkon yaratib bermoqda.
Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
2020-yil 17-avgust kuni “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
Mazkur islohotlar mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashga qattiq bel bog‘langanidan dalolatdir.
Nukus shahar adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Seytnazarov