Янгиликлар
05
O‘zbekiston - 2030 strategiyasi - faravon hayot garovi
O‘zbekiston - 2030 strategiyasi - faravon hayot garovi
Maʼlumki, 2023-yil 11-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi to‘gʼrisida»gi PF-158-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur strategiyada 5 ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan.
Eng muhimi, strategiya orttirilgan tajriba, xalqaro ekspertiza va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqildi.
Taʼkidlash joizki, strategiya o‘z ichiga barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta‘minlash kabi asosiy gʼoyalarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur yo‘nalishlar doirasida kelgusi yetti yilda iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollar, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan taʼminlash, mamlakatda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsad qilingan.
Shuningdek, strategiyaga ko‘ra, aholiga tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish borasidagi islohotlar natijasida 350 ming nafar diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlar davolash bilan to‘liq qamrab olinadi. Go‘daklarda irsiy kasalliklar bo‘yicha selektiv skrining tekshiruvlar qamrovi kamida 50 foizga oshiriladi. Natijada bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklar ikki barobarga qisqaradi.
Kelgusi yillarda go‘daklarni mikronutrient kukuni, yosh bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar, yod preparati, xotin-qizlarni polivitamin, temir va foliy kislotasi bilan bepul taʼminlash ishlari rivojlantiriladi. Natijada yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning tarqalishi 20 foizga qisqarishiga erishiladi.
Bu davrda tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘gʼinning o‘zida hal qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yana eʼtiborga molik bir jihat shuki, mamlakatimizni rivojlantirishga qaratilgan strategik hujjatlar va olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, keyingi 5 yil ichida bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 27 foizdan 72 foizga yetdi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5 211 tadan 29 420 taga oshdi. Mazkur saʼy-harakatlar «Oʼzbekiston – 2030» strategiyasining tegishli maqsad va ko‘rsatkichlarida ham aks etgan. Unga muvofiq, maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda qamrov darajasini 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Eʼtirof etish kerakki, o‘tgan yillarda xalq bilan muloqot qilish, inson dardi, muammolarini ijobiy va tezkor hal qilish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Xususan, davlat organlarining aholi bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yildi.
Bu aholining davlat organlariga nisbatan munosabatini o‘zgartirmoqda, faollik, islohotlarga bo‘lgan ishonchini kuchaytirmoqda. Eng muhimi, fuqarolar tomonidan davlat organlari oldiga masala qo‘yish imkoniyati ortib bormoqda.
Аna shu saʼy-harakatlarning davomi sifatida «Oʼzbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish boʼyicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.
Komissiya strategiya doirasidagi islohotlar bo‘yicha tadbirlarning aholi tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishini nazorat qilib boradi.
Shuningdek, strategiyadagi maqsad va ko‘rsatkichlarning izchil, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rganish maqsadida maxsus onlayn portalni ishga tushirish ham rejalashtirilgan.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan yuritiladigan ushbu portal orqali aholi strategiyaning ijrosi, shuningdek, har bir maqsad va ko‘rsatkichlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini qoldirish hamda takliflarini bildirish imkoniyatiga ega boʼladi. O‘z navbatida, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi aholi tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni o‘z vaqtida umumlashtirib, tahlil qilib boradi. Chora-tadbirlarning ijrosi bo‘yicha tizimli monitoring yuritib, natijalarini har oyda Respublika komissiyasiga kiritadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatimiz rivojining muhim fundamental asoslarini o‘zida qamrab olgan bo‘lib, faoliyatimizning ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Muhimi, mazkur hujjat xalqaro hamjamiyat oldida davlatimiz mavqei va obro‘sini yanada mustahkamlashga, inson qadrini ulugʼlashga xizmat qiladi.
Bekpulat Аvazmetov,
To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʻi