Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Dalolatnoma yozuvlarini tiklash


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabr kungi 550-son qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish” qoidalarining VIII bobiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 230-moddasiga muvofiq dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv bo‘lganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar bo‘lganida yo‘qolgan yozuvlarni qayta tiklab qo‘yish tushuniladi.
Tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan bo‘lsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga ko‘ra tiklanadi.
Agar o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishi haqidagi yozuv yo‘qolgan bo‘lsa yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi ma’muriyatining arizasiga binoan tiklanadi.
Yozuvni tiklashdan manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yozuvni tiklash O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yo‘qolgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga to‘lgan fuqaroning shaxsiy arizasiga ko‘ra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash ularni tiklash uchun asos bo‘lgan barcha holatlar FHDY organi tomonidan aniqlangandan keyingina amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvini tiklash to‘g‘risidagi ariza olingan taqdirda FHDY organi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asosligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvlaridan nusxalarni, ular saqlanadigan joydagi tegishli FHDY organlaridan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali so‘rab olishi mumkin.
Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDY organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
dalolatnoma yozuvini tiklash to‘g‘risida belgilangan namunadagi ariza;
hududiy adliya organi FHDY arxivining ariza beruvchining tug‘ilgan joyi bo‘yicha dalolatnoma yozuvining yo‘qligi yoki yo‘qolganligi (yo‘qolganlik sabablarini ko‘rsatgan holda) haqidagi ma’lumotnomasi;
ariza beruvchining fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxasi;
ota-onasining fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxalari, agar ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, ularning o‘limi haqidagi ma’lumotnomalar;
nikoh tuzilganligi haqidagi (ota-onasining va o‘zining) ma’lumotnomalar;
ota-onalarining hujjatlari bo‘lmaganda, aka-ukalari, opa-singillarining (ular bo‘lsa) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalari.
Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDY organiga ariza beruvchining iltimosini asoslovchi boshqa hujjatlar ham taqdim etilishi mumkin.
Arizani qabul qilishda ariza beruvchi yolg‘on ko‘rsatmalar berganligi uchun javobgarligi haqida FHDY organi tomonidan ogohlantiriladi.
Qabul qilingan ariza qayta tiklash haqidagi arizalarni hisobga olish daftarida qayd etiladi.
Tug‘ilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvida ariza beruvchining tug‘ilgan yili, uning fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi), harbiy bileti va boshqa mavjud hujjatlariga asosan ko‘rsatiladi.
Agar taqdim etilgan hujjatlarda ariza beruvchining faqat tug‘ilgan yili ko‘rsatilib, tug‘ilgan kuni va oyi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu holda uning tug‘ilgan sanasi o‘sha yilning 1-iyuli deb hisoblanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilgandan so‘ng FHDY organi mudiri tomonidan xulosa tuziladi, so‘ngra tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida “T” harfi ostiga dalolatnoma yozuvi raqami qo‘yiladi va uning asosida tug‘ilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi va tug‘ilganlik haqida guvohnoma beriladi.
Ariza beruvchining ota-onasi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda tug‘ilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvidagi “Ota-onasi haqidagi ma’lumotlar” ustuni to‘ldirilmaydi va chiziq qo‘yiladi.
Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan namunadagi ariza;
hududiy adliya organi FHDY arxivining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yo‘qligi yoki yo‘qolganligi (yo‘qolish sabablarini ko‘rsatgan holda) haqidagi ma’lumotnomasi;
fuqarolik pasportlar (identifikatsiyalovchi ID-kartalar) kseronusxalari (nusxalari);
bolalarining (ular bo‘lsa) tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari;
nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi bo‘lganligini tasdiqlovchi boshqa qo‘shimcha hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, so‘ngra nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida oxirgi dalolatnoma yozuvining raqami takroriy ravishda “T” harfi qo‘ygan holda yoziladi va nikoh tuzilganligi haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikoh tuzilganligi haqida guvohnomada “nikohlandilar” ustunida tiklanayotgan dalolatnoma yozuvining dastlabki qayd etilgan sanasi, “tegishli dalolatnoma yozuvi qayd etildi” ustunida esa — nikoh tuzilganligi haqida tiklanib tuzilgan dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
Nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan namunadagi ariza;
hududiy adliya organi FHDY arxivining nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi yo‘qligi (yo‘qolganlik sabablari ko‘rsatilgan holda) haqidagi ma’lumotnomasi;
fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi)ning kseronusxasi (nusxasi);
nikoh tuzilganligi haqida nikohdan ajratish to‘g‘risidagi belgi qo‘yilgan ma’lumotnoma;
ilgarigi nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi bo‘lganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvlari daftariga oxirgi dalolatnoma yozuvining tartib raqami takroriy ravishda “T” harfi qo‘ygan holda yoziladi va nikohdan ajratish haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikohdan ajralganlik haqidagi gerbli guvohnomaning “bu haqda ajratish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni qayd qilish daftarida” ustunida nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining dastlabki sanasi, qavs ichida esa — tiklangan dalolatnoma yozuvining raqami va sanasi yozib qo‘yiladi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun yetarli asoslar bo‘lmaganda FHDY organi ariza beruvchiga rad qilinganlik haqidagi asoslangan xulosa beradi. Ushbu xulosa bilan ariza beruvchi masalani mohiyatiga ko‘ra hal etish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza FHDY organi tomonidan o‘n besh kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak.
Uzrli sabablar (dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asoslanganlikni tasdiqlovchi yozuvlar nusxalari va boshqalar olinmaganligi) mavjud bo‘lganda arizani ko‘rib chiqish muddati FHDY mudiri tomonidan o‘n besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza beruvchiga xabar qilinadi.
Dalolatnoma yozuvi qayta tiklanganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

Bo’zatov tumani adliya bo’limi
FHDY bo’limi inspektori  Sh.Shalabaev