Янгиликлар
25
Davlat xizmatlari orqali “o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish” tartibidan xabardormisiz?
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatga oluvchi organlardan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Bunda so‘rovnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda elektron raqamli imzo yoki imzo sifatida tan olinadigan biometrik identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan “Face-ID” va boshqa shu kabi usullar yordamida mustaqil ravishda to‘ldiriladi.
So‘rovnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, ro‘yxatdan o‘tkazish elektron raqamli imzo orqali amalga oshirilgan holatlar bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qaroriga ilova bilan tasdiqlangan O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari;
o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning mo‘ljallanayotgan manzili;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning mobil telefon raqami va u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
So‘rovnomada o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport (ID-karta) seriyasi va raqami, yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi va ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma’lumotnoma yuboriladi.
Bunda ma’lumotnoma davlat tilida rasmiylashtiriladi. Shaxsning xohishiga ko‘ra ma’lumotnoma rus va ingliz tillarida yoki imkon bo‘lsa, boshqa tilda rasmiylashtirilishi mumkin.
Xo‘jayli tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti N.Amangeldieva