Янгиликлар
25
Qurilish sohasi tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar
“Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-26-son, 21.02.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
hududlarda jami 8,1 million m2dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;
ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirish;
uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta'minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;
“Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag'lar bilan ta'minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag'lari hisobidan 3,0 trillion so‘m miqdoridagi mablag'larni yo‘naltirish.
2025 yilda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
2025 yil 1 martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.
2025 yil 1 maydan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib o‘rnatiladi:
er uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auktsion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
er uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auktsion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va ob’ektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi;
auktsion savdolarida er uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu er uchastkasi bo‘yicha er solig'ini to‘lashdan ozod qilinadi;
2025 yil 1 martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablag'larini to‘ldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
2025 yil 1 maydan:
qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar bo‘lgan jarayonlar to‘liq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi;
qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi, hamda davlat yong'in nazorati organlaridan xulosa olinadi.
Inspektsiyada ro‘yxatdan o‘tgan va u tomonidan nazorat qilinadigan ko‘p kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
2025 yil 1 martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi;
mulkdorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:
buzilayotgan turarjoy ob’ektlari o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida ko‘chish, shu jumladan, boshqa turarjoy ob’ektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog'liq xarajatlarni to‘liq qoplash;
buzilayotgan turar va noturar joy ob’ektining bozor qiymatini to‘liq qoplab berish;
renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.
Shumanay tumani adliya bo’limi
bosh maslahatchisi Sh.Shadibekov