Янгиликлар
19
Noturar ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishdagi qulayliklar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-noyabrdagi 795-son qarori bilan Noturar ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan bo’lib, mazkur ma’muriy reglament yuridik shaxslar o‘rtasida noturar ko‘chmas mulkni butunligicha boshqa shaxsga o‘tkazishga oid ikki taraflama shartnomalarni rasmiylashtirish va ularga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi, noturar ko‘chmas mulkning hadya va renta shartnomalari bundan mustasno. Ushbu Reglament yuridik shaxslar tomonidan noturar ko‘chmas mulkni boshqa yuridik shaxsga o‘tkazishga oid shartnomalarni o‘zaro mustaqil ravishda yoki notarial tartibda tasdiqlagan holda rasmiylashtirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibiga ko‘ra:
Davlat xizmatlari markazlari — shartnoma taraflarining shaxsini aniqlaydi va shartnoma ular tomonidan shaxsan imzolanganligini tasdiqlaydi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi.
Yuridik shaxslarning rahbarlari yoki ularning vakillari davlat xizmatidan foydalanish uchun Markazga o‘zi kelib murojaat etadi. Bunda yuridik shaxslarning vakillari asosiy ish joyi bo‘yicha ushbu tashkilotda ishlayotgan bo‘lishi kerak.
Davlat xizmatidan foydalanish uchun shartnomada ishtirok etuvchi tomonlar bir vaqtning o‘zida Markazda bo‘lishi talab etiladi. Ariza beruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari talab qilinmagan holda ular Face-ID tizimi orqali identifikatsiya qilinadi.
Ariza beruvchilar Markazga quyidagi ma’lumot va hujjatlarni taqdim etadi:
noturar ko‘chmas mulk obyektining kadastr raqami, manzili, nomi;
yuridik shaxsning to‘liq nomi, STIRi, pochta manzili, telefon raqami, hisob-kitob raqami, bank nomi, bank kodi MFO;
yuridik shaxs rahbarining (vakili) F.I.O., JSHSHIR;
yuridik shaxs vakolatli boshqaruv organining noturar ko‘chmas mulkni sotish to‘g‘risidagi qarori (bayonnomasi);
yuridik shaxsning vakiliga berilgan ishonchnoma — yuridik shaxsning vakili murojaat qilgan taqdirda. Ariza beruvchilarning F.I.O., JSHSHIR va pasport (ID-karta) ma’lumotlari Face-ID tizimi orqali avtomatik ravishda aniqlanadi.
Markaz ariza beruvchilar nomidan noturar ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini elektron shaklda to‘ldiradi. Ariza beruvchilarning shaxsi Face-ID tizimidan identifikatsiya qilinganligi shartnoma ular tomonidan imzolanganligini tasdiqlaydi.
Shartnoma rasmiylashtirilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Markaz shartnomani rasmiylashtirgandan so‘ng ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga 20 daqiqa ichida yuboradi.
Bunda shartnoma bilan birgalikda QR-kod qo‘yilgan noturar ko‘chmas mulkni topshirish va qabul qilish dalolatnomasi avtomatik ravishda shakllantirilib, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuboriladi.
Ariza beruvchilarning so‘roviga ko‘ra Markaz QR-kod qo‘yilgan noturar ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini hamda topshirish va qabul qilish dalolatnomasini elektron yoki qog‘oz shaklda taqdim etishi mumkin.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarorida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi
bo‘lim boshlig‘i A.Jabbarov