Янгиликлар
21
2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasinining mazmun mohiyati
Hozirgi kunda xalqaro va mintaqaviy mojaralar transformatsiyasi davom etayotgan bir paytda, ekstremizm va terrorizmga qarshi samarali kurashish masalasi kun tartibidagi dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu munosabat bilan, ekstremizm va terrorizmning oldini olish va chek qo‘yish hamda ularni moliyalashtirish manba va kanallariga barham berishga qaratilgan yanada samarali chora-tadbirlarni belgilash, bu borada milliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlarni birlashtirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarixida ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq holatlarga bir necha marotaba duch kelgan. Ushbu yo‘nalishda xavf-xatar, tahdid va tahlikalar saqlanib qolayotganini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ekstremizm va terrorizm hamda ularni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi mavjud tajriba, shuningdek, mintaqa davlatlaridagi mazkur tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha holatning retrospektiv va qiyosiy tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, Markaziy Osiyoda ekstremistik va terrorchilik faoliyati, asosan, millatchilik (milliy), ijtimoiy, diniy va siyosiy g‘oyalar ostida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasida (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) ekstremizm va terrorizmning mintaqada tarqalishi uchun asosiy sabab va shart-sharoitlar ham, ekstremist va terrorchilar o‘z buzg‘unchi faoliyatida foydalanadigan turli ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, g‘oyaviy va boshqa omillar ham inobatga olingan. Strategiya O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, xalqaro huquq va O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining umume’tirof etilgan tamoyil va normalariga asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.
Strategiyaning vazifalari quyidagilardan iborat:
a) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
b) sohadagi normativ-huquqiy va uslubiy-amaliy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
v) davlat organlari, keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarini birlashtirish;
g) jamiyatda konfessiyalararo va millatlararo totuvlikni ta’minlash;
d) davlatning aholi, ayniqsa yoshlarning ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga jalb etilishidan himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish;
e) ekstremizm va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
j) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni takomillashtirish.
Vazirlikning Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO
organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi
yetakchi maslahatchisi M.Erejepov