Янгиликлар
06
Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek xorijiy davlatlarda band aholining har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda migratsiya masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratila boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 23-moddasida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi, deb belgilab qo‘yildi.
Ayni chog‘da xorijda ishlamoqchi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, fuqarolarning chet elda bo‘lish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, xorijga ketish xarajatini qoplash uchun mikroqarz berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Boquvchisi xorijga ishlash uchun ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi ro‘yxatiga kiritilgan oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish joriy qilingan.
Prezidentimizning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish ko‘lamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish maqsadida doimiy ravishda salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokara olib boriladi. Xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat yoki tahqirga duchor bo‘lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og‘ir kasallikka chalingan, murakkab ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga yordam ko‘rsatilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Koreya, Turkiya va Qozog‘istonda 19 ta vakolatxonasi hamda vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.
Qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 95-maqsadi aynan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritishga bag‘ishlangan. Bu kelgusi besh yilda ham xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam ko‘rsatish asosiy maqsadlardan bo‘lishini anglatadi.
To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti N.Abduraxmanova