Янгиликлар
06
Ishbilarmonlik sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklar
Аytish kerakki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni ragʼbatlantirish, qoʼllab-quvvatlash hamda huquqiy himoya qilishga zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Bu borada, sohaning huquqiy asoslari takomillashtirilib borilayotgani muhim omil boʼlmoqda.
Аyniqsa, soʼnggi yillarda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari yurtimizning ishbilarmonlik va investitsiya muhiti darajasining xalqaro reytingini sezilarli darajada oshishini taʼminladi.
Xususan, biznesni roʼyxatga olish shartlari boʼyicha jahon miqyosida Oʼzbekiston 66 pogʼona yuqoriga koʼtarilib, reyting oʼtkazilgan 189 mamlakat orasida 21-oʼrinni egalladi.
Bu eʼtirof respublikamizda ushbu sohaga qaratilayotgan katta eʼtibor natijasidir.
Bugungi kunda tizimda qabul qilingan qonun hujjatlariga koʼra, tadbirkorlik subyektlarini roʼyxatdan oʼtkazish, kredit olish, xoʼjalik nizolarini koʼrib chiqish, biznesni tugatish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi.
Mulkni roʼyxatdan oʼtkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnomalar berish, elektr tarmoqlariga ulanishda “bir darcha” tamoyilini ommaviy joriy etish boʼyicha ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʼjalik faoliyatini faqat soliq organlari tekshirishi, ularga nisbatan har qanday huquqiy taʼsir choralarining faqat sud qaroriga binoan qoʼllanilishi belgilandi.
Hisobot taqdim etishning barcha shakllari va turlari keskin qisqartirilib, tekshirishlar soni tubdan kamaytirildi. Barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari bilan oʼzaro munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi prinspi joriy qilindi.
Xoʼjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun aybdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi.
Аlbatta, bularning barchasi yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng taraqqiy ettirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning yuksak samarasidir.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoni va “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini koʼrsatish bilan bogʼliq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qarori bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi boʼldi.
Ushbu Farmonga koʼra, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoit hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida 15 ga yaqin normativ hujjatlarning qabul qilinishi hamda 20 dan ortiq qonun hujjatlariga tegishli oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, unda barcha vazirlik, davlat qoʼmitalari, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʼzlarining rasmiy veb-saytlariga tadbirkorlar bilan oʼzaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni doimiy joylashtirib borilishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu organlarning veb-saytlarida chop etilmagan meʼyoriy va boshqa hujjatlar talablarini buzish holatlari uchun tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralarini qoʼllash taqiqlanishi belgilandi.
Аmaldagi qonunchilikka koʼra, soliq, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmagan va koʼrsatilgan manzilida boʼlmagan tadbirkorlarning hisobvarag’lari boʼyicha operatsiyalarni toʼxtatib turish davlat soliq xizmati organlari qarorlari bilan amalga oshirilar edi. Endilikda soliq xizmati organlari tomonidan ushbu chora faqat sudning tegishli qarori asosidagina amalga oshirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan Davlat byudjetiga soliqlar va boshqa majburiy toʼlovlarni toʼlashda bank xizmatlari uchun toʼlovlar undirilishi bekor qilindi.
Muhim tomonlardan biri, Prezidentimizning “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini koʼrsatish bilan bogʼliq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qarori ana shu saʼy-harakatlarning uzviy davomi sifatida qabul qilingani eʼtiborga molikdir.
Unda ishbilarmonlar uchun litsenziyalash va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish mexanizmlarini yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikka koʼproq erkinlik berish maqsadlari koʼzda tutilgan.
Shu oʼrinda taʼkidlash joizki, adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri — aynan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir.
Shu nuqtai-nazardan aytganda, davlatimiz rahbarining yuqoridagi Farmon va Qarorining ijrosini taʼminlash vazirlikning muhim vazifalaridan biri etib belgilandi.
Hozirda Farmonda belgilangan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini oʼz vaqtida va sifatli tayyorlash maqsadida tegishli ishchi guruhlari tashkil etilib, ular tomonidan qonun hujjatlarini xatlovdan oʼtkazish, ularni qoʼllash amaliyoti, shuningdek, xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasini oʼrganish boʼyicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, adliya organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan qatʼiy nazorat oʼrnatilib, aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan zarur choralar koʼrilib borilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan Farmon va Qarori, albatta, tadbirkorlarni yanada qoʼllab-quvvatlashda, asosiy eʼtiborini faoliyatini rivojlantirishga qaratishda muhim oʼrin tutadi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish
markazi boshligʼi B.Аvazmetov,