Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

FAMILIYA VA ISMINI O`ZGARTIRISH UCHUN FHDY BO`LIMIDA KO`RSATILADIGAN XIZMATLAR


O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20-oktabrdagi 550-sonli “NIKOH, OILA VA FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI QAYD ETISH SOHASIDAGI NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TIZIMLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA” gi qaroriga asosan tartibga solinadi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi ariza ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach, uning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar:
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 15-moddasiga muvofiq;
sudning hal qiluv qarori asosida;
agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
agar familiya va ism millatiga to‘g‘ri kelmasa;
xohishiga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
oila uchun umumiy familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan bo‘lsa;
bolalarning ota yoki ona bilan bir xil familiyada bo‘lish, onasining nikohgacha bo‘lgan familiyasida bo‘lish, o‘gay otaning yoki vasiysining familiyasida bo‘lish istagi paydo bo‘lganda;
16 yoshga to‘lgan shaxsga otalikni belgilashda ko‘rib chiqiladi.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
Ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
ariza beruvchining fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
1 dona (3x4 o‘lchamli) fotosurati.
O‘zgartirishlar kiritilishi uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvlari yo‘qolgan taqdirda, familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish ushbu hujjatlar tiklangandan keyin amalga oshiriladi.
Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni 20 kun mobaynida o‘rganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish xususidagi fikrni FHDY organiga axborot tizimi orqali taqdim etadi.
Ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning aniq sabablari ko‘rsatiladi.
FHDY organi familiya, ism, ota ismi o‘zgarganligi to‘g‘risida ichki ishlar organiga 3 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur bo‘lsa — u holda tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limiga ham xabarnoma yuboradi.
Bunda, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi yangi guvohnoma chop etib beradi hamda familiyasi, ismi, ota ismi o‘zgartirilgan shaxs FHDY organi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni bir oy ichida almashtirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
O‘zaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi o‘zgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi o‘zgartirilishi 16 yoshga to‘lmagan bolalari familiyasining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladi.
Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini o‘zgartirganligi ularning voyaga yetgan bolalarining familiyasi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
Agar ota-onadan biri familiyasini o‘zgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini o‘zgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa — vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
Otaning ismini o‘zgartirishi voyaga yetmagan bolalarning ota ismi o‘zgarishiga olib keladi.
Voyaga yetgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga ko‘ra o‘zgartiriladi.
Agar nikohga kirish paytida o‘zining nikohgacha bo‘lgan familiyasini saqlab qolgan shaxs keyinchalik erining familiyasini qabul qilsa, shuningdek nikohga kirish paytida qabul qilgan familiyasini nikohgacha bo‘lgan familiyasiga o‘zgartirsa, u holda o‘zgartirish faqat nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
Agar nikohdan ajratilgandan keyin nikohdagi familiyasini saqlab qolgan shaxs uni nikohgacha bo‘lgan familiyasiga o‘zgartirsa, u holda o‘zgartirish faqat nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
16 yoshga to‘lgan shaxslar tomonidan familiyasi, ismi, ota ismi o‘zgartirilgan barcha hollarda o‘zgartirish faqat tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “bola to‘g‘risida ma’lumotlar” ustuniga kiritiladi.
Ota-ona to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgarishsiz qoldiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolarining arizalari konsul tomonidan ko‘rib chiqiladi. Arizaga mazkur Qoidalarning 151-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar ilova qilinishi lozim. Zarur hollarda konsul arizachining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni va o‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvlarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali talab qilib oladi.
Yig‘ilgan hujjatlar asosida konsul O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining yoki ariza beruvchi doimiy yashab turgan davlatning vakolatli organlaridan ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirishiga ruxsat berilganligi haqida asoslovchi fikr olishi zarur.
Ushbu fikr asosida konsul familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish haqida asoslangan xulosa tuzadi va uni yig‘majild bilan birga o‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvi saqlanayotgan FHDY organiga yuboradi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan boshlab bir oy mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak. Uzrli sabablar (ishni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvi nusxalarining boshqa FHDY organlaridan, ichki ishlar organlari fikrining kechikib olinishi va boshqalar) mavjud bo‘lganda FHDY organi mudiri ushbu muddatni o‘n besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

Amudaryo tumani FHDYo bo`limi
2-toifali inspektori  N.Ungarova