Янгиликлар
24
“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi
2024-yil 30-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-200-son Qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga muvofiq namunaviy tarkibda tuzildi.
Tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Mazkur qarorga ko‘ra, har yili 15-iyundan ochiq muloqot o'tkazilgungacha maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlarning murojaatlarini tunu kun qabul qilinishi tashkil etilishi belgilangan.
Shunga asosan, ochiq muloqot doirasida murojaatlarni qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, ochiq muloqot natijalari, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini joylashtirib borish imkonini beruvchi “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasini ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024-yil 22-avgust kuni xalqaro biznes forum doiasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ochiq muloqot doirasida Davlatimiz rahbari, avvalo, o‘tgan yilgi uchrashuvdan beri bajarilgan ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, biznes muhit yaxshilangani natijasida o‘tgan bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar qurilgan. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ko‘payib, 26 mingtaga yetgan. Yana ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazgan, 220 nafarining tushumlari esa 100 million dollarga yetgan. Eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingta bo‘lgan, umumiy eksport hajmi 30 foizga ko‘paygan.
Ushbu, navbatdagi muloqot arafasida ham “koll-markaz” tashkil etildi va tadbirkorlardan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularda shaxsiy yoki mahalliy muammolar bilan birga tizimli masalalar ham ko‘tarilgan. Ular bo‘yicha eng maqbul yo‘llarni topish uchun tahliliy ish olib borilishi qayd etildi.
Muloqotda tadbirkorlarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Davlatimiz rahbari ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan, el-yurt orasida obro‘ qozongan biznes vakillari mehnatini e’tirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish taklifini bildirdi.
Savdo-sanoat palatasi faoliyatini takomillashtirish zarurati ham ko‘rsatib o‘tildi. Endi uning vazifa va vakolatlari kengaytiriladi. Xususan, hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish, tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish vakolatlari beriladi. Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi va tadbirkorlar manfaatining chinakam himoyachisiga aylanadi.
Ushbu ochiq muloqotda aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuzilishi belgilandi.
So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ishbilarmonlarini Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
Vazirlikning Davlat xizmatlari
ko‘rsatilish ustidan nazorat qilish sho‘basi
yetakchi maslahatchisi J.Ismoilov