Янгиликлар
24
Nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash toʼgʼrisida
Аytish kerakki, oʼtgan davr mobaynida yurtimizda keksalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish tizimini yaxshilash borasida bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu asnoda, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi, shuningdek nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini qoʼllab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” koʼkrak nishoni taʼsis etildi.
Shu bilan bir qatorda, keksa nuroniylar uchun 152 ta tuman va shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni toʼliq miqdorda toʼlash yoʼlga qoʼyildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi, “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni oʼtkazish anʼanaga aylandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida bir qator kompleks chora-tadbirlar belgilangan:
Jumladan, mahallalarda “Bir nuroniy oʼn yoshga masʼul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik koʼrsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash;
-vazirlik va idoralar, xoʼjalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, korxona va tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yigʼinlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
-mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʼlomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
-“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʼlgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari koʼrsatilishini taʼminlash;
-keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʼtkazish;
-fuqarolar yigʼinlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari boʼyicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat koʼrsatishini taʼminlash.
Shu bilan birga, mahallalarda aholiga koʼrsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda oʼquvchilarning darslarni oʼzlashtirishi, davomati, bandlikka koʼmaklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan taʼminlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining koʼrsatilishi boʼyicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati ham oʼrnatildi.
Muhim jihatlardan yana biri, 2022 yil 1 apreldan boshlab quyidagi tartiblar joriy etildi:
Unga koʼra,yurtimizda jamgʼarma mablagʼlari hisobidan oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz keksalar va yolgʼiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʼlomlashtirish;
-jamgʼarma mablagʼlari hisobidan sharoiti ogʼir va kam taʼminlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplash;
-jamgʼarma mablagʼlari hisobidan ogʼir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi boʼlgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha boʼlgan summasi kompensatsiya qilish;
-jamgʼarma mablagʼlari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yoʼnalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shugʼullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplash.
-jamgʼarma tomonidan koʼrsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;
-shifokorlar retseptlariga asosan yolgʼiz keksalar va yolgʼiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʼlgan shaxslarga ularning mablagʼlari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori koʼrigidan soʼng tibbiy koʼrik maʼlumotlarini yetkazish;
-kutubxonalarga aʼzo boʼlgan yolgʼiz keksalar va yolgʼiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʼlgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.
Xulosa oʼrnida aytganimizda, yurtimizda keksalar va nuroniylarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashni kuchaytirilishi,shuningdek ularga ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish tizimini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar,tom maʼnoda yurtimizda nuroniylarga boʼlgan eʼtiborning davlat siyosati darajasida e1tibor berilayatganligidan yaqqol darak beradi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti I.Qurbanbaev.