Янгиликлар
24
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishdagi zarur choralar
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishdagi zarur choralar
Jamiyatda turli huquqbuzarliklar, jinoyat va tartibsizliklarning oldini olishda, shu jumladan korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olishga doir qonunchilik hujjatlari takomillashtirilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar Oʻzbekiston Respubliksining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solingan boʻlsa, endilikda 2024-yil 6-iyunda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Ushbu qonun manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritildi.
Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:
• xodimning yaqin qarindoshlari;
• xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
• xodim yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasida maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish 2 shaklda amalga oshiriladi:
• mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma berish orqali;
• ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirish orqali.
Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
• xodim lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
• xodim yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;
• xodim yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
• xodimning yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami.
Qonunga muvofiq, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va aniqlashda ishtirok etadigan xodimlarga ishonib topshirilgan yoxud ularga kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ma’lum bo‘lib qolgan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-axloq komissiyasi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvlari to‘g‘risida har yarim yilda xulosa qabul qiladi hamda ularni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ko‘rib chiqadi.
Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-axloq komissiyasi aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollarini maxsus bo‘linma bilan birgalikda tahlil qiladi va davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.
Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi quyidagi hollarda mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran 1 ish kuni ichida mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi belgilangan shakldagi xabarnomani to‘ldirishi va o‘zining bevosita rahbariga yoki maxsus bo‘linmaga taqdim etishi shart, agar:
• yaqin qarindoshlari bevosita xodimning bo‘ysunuvidagi ishga qabul qilingan bo‘lsa (davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno) yoki xodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida o‘ziga aloqador shaxslar jalb etilgan bo‘lsa;
• u o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etayotgan bo‘lsa;
• yaqin qarindoshi tekshiruv o‘tkazilayotgan ob’ektda (yuridik shaxsda) tekshiruv yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxs sifatida ishlayotgan bo‘lsa yoki mazkur tekshiruv ob’ekti (yuridik shaxs) unga aloqador shaxs bo‘lsa;
• boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolsa.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbar xodimi hamda maxsus bo‘linmaning rahbari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish uchun mas’ul hisoblanadi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tarkibiy bo‘linmasining rahbari mavjud manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida ko‘rilgan choralar to‘g‘risida maxsus bo‘linmaga 1 ish kuni ichida axborot taqdim etishi shart.
Maxsus bo‘linma ko‘rilgan choralarning yetarliligi (to‘g‘riligi) to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun axborotni 3 ish kuni ichida odob-axloq komissiyasiga taqdim etadi.
Deklaratsiya har yili 15 fevralgacha umumlashtiriladi va tahlil qilinadi
Qonunga muvofiq, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi va har yili 15 yanvardan kechiktirmay maxsus bo‘linmaga taqdim etishi kerak.
Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilgan xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani to‘ldirishi va taqdim etishi kerak.
Maxsus bo‘linma:
• ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15 fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;
• ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ta’minlash uchun har yili 1 martga qadar odob-axloq komissiyasiga taklif kiritadi;
• odob-axloq komissiyasi tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining bevosita rahbariga yoxud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.
Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga o‘tkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maxsus bo‘linma yuqorida nazarda tutilgan ishlarni
5 kunlik muddatda amalga oshiradi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlarda Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reestri yuritiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar bermaslik BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa, BHMning
5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaganlik BHMning
5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa, BHMning
10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilsa, mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Asılbek Moldaxmetov
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining
Inson huquqlari sho’basi boshligʻi