Янгиликлар
24
EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH
Bugungi kunda jahon hamjamiyatida barqarorlik va jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgan ekstremistik jinoyatlar sonining ortib borayotganligi zamonaviy jamiyat muammolaridan biridir.
Murosasizlik, ekstremizm, etnik va diniy xilma-xillikni inkor etishda namoyon bo‘lgan ekstremizm davlat xavfsizligiga tahdid soladi hamda inson huquqlarini buzilishiga olib keladi, shuningdek demokratik va huquqiy davlat asoslariga putur yetkazadi. Shu sababli ekstremizmning mohiyati, turlari va namoyon bo‘lish shakllarini o‘rganish dolzarb hisoblanadi.
Ekstremizm – so‘zi lotin tilidan olingan «ekstremus» - «ekstremal», ya’ni ma’lum chegaralardan, me’yorlardan tashqari chiqadigan holat degan ma’noni anglatadi.
Milliy qonunchiligimizga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunining maqsadi ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ushbu Qonunning 5-moddasida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, shuningdek uning yuzaga kelishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash;
ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik.
Shuningdek, Qonunning 2-bobi ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan. U o‘zida, ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi rasmiy ogohlantirish, yuridik shaxs tomonidan ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi taqdimnoma, ekstremistik materiallarni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etishni taqiqlash, ekstremizmni moliyalashtirishni taqiqlash, yuridik shaxsning faoliyatini to‘xtatib turish, tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish kabi chora-tadbirlarini o‘zida mujassamlashtirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-iyuldagi PF-6255-son Farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi» qabul qilingan.
Strategiyaning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, milliy xavfsizlik, shuningdek, fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali va bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirilgan davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashdir.
Strategiyaning vazifalari quyidagilardan iborat:
a) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
b) sohadagi normativ-huquqiy va uslubiy-amaliy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
v) davlat organlari, keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarini birlashtirish;
g) jamiyatda konfessiyalararo va millatlararo totuvlikni ta’minlash;
d) davlatning aholi, ayniqsa yoshlarning ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga jalb etilishidan himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish;
e) ekstremizm va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
j) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni takomillashtirish.
Shuningdek ushbu Strategiyaning 2-bobi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari mustahkamlangan hamda 3-bobida Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalari belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ekstremizm va terrorizmning tarqalishining hozirgi tendensiyalari jinoyatchilar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng imkoniyatlaridan faol foydalanishi bilan chambarchas bog‘liqlini ta’kidlash lozim. Natijada, raqamli platformalarda ekstremistik faoliyatni amalga oshirish sohasini tartibga solish va javobgarlik masalalarini takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Vazirlikning Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi
ustidan nazorat qilish sho‘basi
bosh maslahatchisi D.Xabibullayeva