Янгиликлар
23
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to`g`risidagi Farmoni va undagi asosiy g`oyalar
2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq o‘tkazilgan prezidentlik saylovi yana bir bor jamiyatimizning siyosiy yetukligi, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz to‘liq qo‘llab-quvvatlaganidan dalolat bermoqda. Shu bilan birga, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish talab etilmoqda. Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi” qabul qilindi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida quyidagi asosiy g‘oyalar aks ettirilgan:
1.Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish;
2.Aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
3.Aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
4.Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
5.Mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilangan hamda bu bo‘yicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklangan. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan va amalga oshirilishi davom etayotgan, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan barcha maqsadlarga erishish va dolzarb vazifalar bajarilishi ta’minlangan. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlangan. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar bo‘yicha tadbirlarning aholi tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishini nazorat qilib, natijasi yuzasidan har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilishini ta’minlangan. Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va uni tegishli yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bajarilishini tizimli monitoring qilib, uning natijalarini har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borishi belgilangan.
Xu`jayli tumani adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Sh.Pirnazarova