Янгиликлар
15
Bola huquqlarini himoya qilishda obmudsmanning roli
Bola huquqlarini himoya qilishda obmudsmanning roli
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlashda dunyoning saksonga yaqin mamlakatlarida Bolalar ombudsmani faoliyat yuritadi. Ularning asosiy vazifasi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konventsiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, shuningdek bolaning shaxsi, shaʼni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etishdan iborat.
Аyni kunda, ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda Bolalar ombudsmani faoliyati maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi.
Mamlakatimizda 1992-yil 9-dekabrda BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi bolalarning huquqiy va ijtimoiy maqomini shakllantirish yo‘lida dastlabki muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat orqali O‘zbekiston xalqaro konventsiya qoidalari va printsiplariga rioya etish, bola huquqlarini himoya qilishning milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha majburiyatlarni hamda jahon hamjamiyati oldida javobgarlik masalasini o‘z zimmasiga oldi.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda o‘tgan yillarda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Аyniqsa, so‘nggi yillarda jamiyatimizning boshqa sohalari kabi bu jabhadagi ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
Shu yo‘nalishda mamlakatimizda, bola huquqlarini himoya qilish borasida bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilishi natijasida mamlakatimizda bola huquqlari himoyasining tashkiliy va institutsional asoslari yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi. Qarorga ko‘ra, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Vakil bilan kelishi tartiblari belgilandi.
Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim hujjatlardan biri sifatida
2024-yil 29-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlis “Bolalar huquqi bo‘yicha vakili (Bolalar obmudsmani) haqida”gi OʼRQ-917-son qonuni qabul qilingan. Qonun bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari hamda dahlsizlik huquqlari belgilandi. Mazkur qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) (bundan buyon matnda Bola huquqlari bo‘yicha vakil deb yuritiladi) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari tog‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishi belgilandi. Qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanishi belgilandi. Qonunga ko‘ra O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan va xorijiy davlat hududida bo‘lgan bolaning huquqlarini himoya qilish uchun o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi kelishuvlarga va boshqa shartnomalarga muvofiq boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi, sud organlariga va ombudsmanlariga so‘rovnomalar yuborish,shuningdek o‘z vakolatlari doirasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish, ularning aʼzoligiga kirish, shuningdek, boshqa davlatlar ombudsmanlari bilan hamkorlik qilish belgilandi.
Muhim jihatlardan biri, bola huquqlari bo‘yicha vakilga bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan taʼlim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalariga va tarbiya koloniyalariga (bundan buyon matnda bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar deb yuritiladi) muntazam kirib turish orqali bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʼllashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish vakolatlari berildi.
Shu bilan birga, qonunda bola huquqlari bo‘yicha vakilining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sud va boshqada sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, bola huquqlari bo‘yicha Milliy komissiya bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muhim yo‘nalishlari ham belgilandi. Xulosa oʼrnida aytganda, mazkur qonun tom maʼnoda, mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilisha bo‘yicha muhim hujjat bo‘lib xizmat qilishi shuhbasiz.
To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i
Bekpulat Аvazmetov