Янгиликлар
15
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish
Maʼlumki, 2023-yil 27-dekabrda Prezident tomonidan “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-410-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni (keyingi o‘rinlarda — yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar) aniqlash tartib-taomillarini optimallashtirish va raqamlashtirish belgilandi.
Qarorga ko‘ra, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalarning parvarishiga muhtojlik darajasini baholash natijalari hamda individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasi (keyingi o‘rinlarda — Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi) tasdiqlanadi va yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularning murojaatlarini qabul qilish mahalla darajasida amalga oshirilishi belgilandi.
Mazkur qaror bilan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning yo‘qotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari) ular reestrga kiritilguniga qadar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib berilishi belgilandi.
Qaror bilan 2024-yil 1-fevraldan boshlab reestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-martdan boshlab individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining «soatbay» asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun qonunchilikka muvofiq moslashuvchan ish tartibi joriy etilishi ham belgilandi.
Muhim o‘zgarishlardan yana biri, 2024-yil 1-apreldan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Аgentlik) tizimidagi
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladigan bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida aytganimizda, mazkur qaror tom maʼnoda, mamlakatimizda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashni davlat tomonidan to‘liq kafolatlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Tortko‘l tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Davronbek Аllabergenov