Янгиликлар
13
Aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati
Aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda pensiya ta’minoti tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, dunyoning taraqqiy etgan davlatlari bu tizimni isloh qilish va rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi. Zero, bu yo'nalishdagi ishlar nafaqat inson huquqlarini ta'minlash, avvalo, iqtisodiy o'sish va aholi turmush darajasini oshirishning muhim omilidir.
Mamlakatimizda so'nggi yillarda pensiya ta'minoti tizimida kechayotgan izchil islohotlar “Inson qadri uchun” ezgu g'oyasini ro'yobga chiqarish, kuchli ijtimoiy himoya siyosatini hayotga tatbiq etishga qaratilgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda bugungi kunda pensiya va nafaqa oluvchilar soni to'rt million ikki yuz mingdan ko'proqni tashkil etadi. So'nggi yillarda aholining ushbu qatlamini qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat xizmatlari ko'rsatish tizimi isloh qilinib, tizimda yig'ilib qolgan muammolar, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etishda amaliy qadamlar tashlanmoqda.
Pensiya va nafaqa to'lovlari kechiktirilishi holatiga barham berildi, 2017 yildan boshlab oyma-oy to'lov joriy etildi. Pensiya va nafaqalarni majburan bank plastik kartalariga o'tkazish bilan bog'liq holatlar ham to'liq bartaraf etilib, fuqaroning xohishiga ko'ra naqd pulda yoki naqd pulsiz shaklda berilishi ta'minlanmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, mazkur yo'nalishdagi islohotlar nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib qo'llab-quvvatlashga mustahkam zamin yaratadi. Bu esa yurtdoshlarimizning hayot darajasini yaxshilash, xalqimizning roziligiga erishish, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo'ladi.
Qo‘ng‘irot tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti O.Matyakupov