Янгиликлар
Nukus shahar adliya bo‘limi yordamida sud qarori bilan xodimlarning 78 420 654 so‘m miqdoridagi ustama pullari to‘lab berilishi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida"gi Nizomga ko‘ra, vazirlik - fuqarolarning huquq va erkinliklarining davlat organlari va tashkilotlari tomonidan buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
Xususan, Nukus shahar adliya bo‘limiga Nukus shahar 3-son oilaviy poliklinikada ishlovchi 33 nafar xodimning reyting baholash tizimi orqali to‘lanadigan oylik foizli ustamalar to‘lanmayotganligidan noroziligini bildirgan murojaati kelib tushdi.
Fuqarolarning murojaatida ko‘rsatilgan masalaga aniqlik kiritish maqsadida o‘rganilganda, haqiqatdan ham 78 420 654 so‘m miqdoridagi ustama pullari to‘lanmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 252-moddasida rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar qatoriga ustamalar ham kirishi belgilangan.
Ustama xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ish bajarilganligi uchun amalga oshiriladigan va rag‘batlantirish (kasbiy mahorat, uzoq muddat ishlaganlik, bir tashkilotda yoki tarmoqda ish staji uchun ustamalar va boshqalar) yoki kompensatsiya xususiyatiga ega pul to‘lovi ekanligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 21-moddasida xodimning huquqlari belgilangan bo‘lib, unga muvofiq, xodimlar o‘z malakasiga, mehnatining murakkabligiga, bajarilgan ishning miqdori va sifatiga muvofiq o‘z vaqtida hamda to‘liq hajmda (hajmda) ish haqi olish huquqiga ega (birinchi qism, 5-xatboshi).
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasida esa, ish beruvchining majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga muvofiq, xodimlarga berilishi lozim bo‘lgan ish haqini mehnat kodeksiga, ijtimoiy nafaqaga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda (hajmda) to‘lashi shartligi belgilangan.
Shu bois, qonunchilik talablariga asosan fuqarolarga to‘lanmayotgan 78 420 654 so‘m miqdoridagi ustama pullarini undirib berish yuzasidan Nukus shahar adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi hamda sud qarori bilan Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan fuqarolarning ustama pullari to‘lab berilishi belgilandi.
Nukus shahar adliya
bo‘limi boshlig‘i Oralbay Djumaniyazov