Янгиликлар
07
Shumanoy tumani adliya boʻlimi koʻmagi bilan 4 ta fuqaroning pensiyaga chiqish huquqi tiklandi
Shumanoy tumani adliya boʻlimi koʻmagi bilan 4 ta fuqaroning pensiyaga chiqish huquqi tiklandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni bilan adliya organlariga, uyma-uy yurib fuqarolarning huquqiy sohadagi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish vazifasi yuklatilgan edi. Ushbu vazifa ijrosi davomida bir nechta fuqarolar, jumladan tumanning “Diyxanad” OFYda yashovchi fuqarolar O.Seyfullayeva hamda B.Baydaqov, “Begjap” OFYda yashovchi fuqaro A.Seytniyazov va “Aqjap” OFYda yashovchi fuqaro M.Abdikalikovalardan pensiyaga chiqishda ish stajlari toʻliq hisoblanmaganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaatlari kelib tushdi.
Aniqlanishicha, jami 27 yillik ish stajiga ega boʻlgan fuqaro O.Seyfullaevaning ishlagan davrlaridan 15 yil 11 oy, jami 30 yillik ish stajiga ega boʻlgan fuqaro B.Baydaqovning 12 yil 9 oy, jami 29 yillik ish stajiga ega boʻlgan fuqaro A.Seytniyazovning 11 yil 2 oy hamda 21 yillik ish stajiga ega boʻlgan fuqaro M.Abdikalikovaning 3 yil 2 oy ish staji ish haqi va ijtimoiy soliq toʻlaganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar mavjud boʻlmaganligi sabab qilinib, Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Shumanoy tumani boʻlimi tomonidan ushbu ish stajlarni pensiya tayinlashda hisoblashni rad qilgani ma’lum boʻldi.
Vaholanki, Mehnat kodeksining 125-moddasida lozim darajada tasdiqlangan qog‘oz yoki elektron shaklidagi mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi va jismoniy shaxsning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi verifikatsiya qilingan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan asosiy hujjatdir deb koʻrsatilgan.
Qonun talablariga asoslanib, fuqarolarning mehnat daftarchalarida yuqorida koʻrsatilgan mehnat stajlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar koʻrsatilganligi sababli fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida tuman adliya boʻlimi tomonidan Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat arizalari kiritildi va sud qarori bilan Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Shumanoy tumani boʻlimiga fuqarolarning mavjud ish stajlarini qayta hisoblash boʻyicha majburiyat yuklatildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Shumanoy tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi
Shadibekov Sharapat Sharipovich