Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

“10 savolga 10 javob, muhim 5 qoida”


1. Iste’molchilar buzilgan huquqlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat etsa, qancha miqdorda davlat boji to‘lanadi?
Javob: O`zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuning 8-moddasiga asosan, iste’molchilar — o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq da’volar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
2. Internetdan onlayn tarzda telefon sotib oldim. Saytning reklamasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan uni etkazib berishganida ma’lumotlar to‘g‘ri kelmas ekan. Bu holatda nima qilish mumkin?
Javob: Agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi, zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Javob: Noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga etkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
3. Sotib olingan muzlatkich yaxshi ishlamadi. Sotuvchi qancha muddatda buni to‘g‘irlab berishi kerak?
Javob: Tovarda kafolat muddati davomida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran 20 kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, 10 kun ichida bepul bartaraf etishi lozim.
4. Sotib olingan tovar nosoz holatda bo‘lsa, buning uchun sotuvchidan ma’naviy zarar undirish mumkinmi?
Javob: Iste’molchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zarar etkazgan shaxs haq to‘lashi lozim. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilaydi. Ma’naviy zarar uchun haq to‘lash mulkiy ziyon va iste’molchi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishidan qat’i nazar, amalga oshiriladi.
5. Mahsulotni olganligimiz to‘g‘risida chek bor, ammo kafolat muddati talonda belgilanmagan. Do‘kon egasi 10 kun ichida kelsangiz almashtirib beraman degan edi. Bu holat qonun bilan tartibga solinganmi?
Javob: Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, almashtirib berishni talab qilishga haqli. Kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha 6 oy mobaynida amalga oshirilishi mumkin.
6. Iste’molchilarning huquqlari qaysi qonunchilik hujjatlari asosida tartibga solinadi?
Javob: Iste’molchilarning huquqlari O’zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida"gi, «Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida"gi, «Fuqarolarning sog’lig’ini himoyalash to’g’risida"gi, «Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi to’g’risida"gi, «Tovar belgilari, xizmat belgilari va tovarni kelib chiqish joyi nomi to’g’risida"gi, «Mahsulotlar va xizmatlar sertifikasiyasi to’g’risida"gi Qonunlar hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan, tovarlar sotish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq bo’lgan bir qator qoidalar asosida tartibga solinadi va himoya qilinadi. O’z navbatida ushbu qonunlar hamda qoidalar iste’molchining ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, xizmat ko’rsatuvchi bilan o’zaro munosabatlarini o’z ichiga qamrab olgan.
7. Oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga sotuvchi tomonidan nima beriladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 10-moddasiga asosan oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi.
8. Iste’molchi o’zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo’lishiga talab qo’yishga haqlimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 12-moddasiga asosan iste’molchi o’zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo’lishiga va uning hayoti, sog’lig’i, atrof muhit uchun xavfsiz bo’lishiga, shuningdek uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
9. Iste’molchilarning huquqlari buzilgan taqdirda ular o’z huquqlarini himoya qilish maqsadida kimga murojaat qilishi mumkin?
Javob: Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar, agar qonunlarda boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 29-moddasiga binoan iste’molchilar o’z huquqlarining buzilishi bilan bog’liq da’volar bo’yicha, shuningdek tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo’lishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko’zlab qo’zg’atiladigan da’volar bo’yicha davlat boji to’lashdan ozod qilinadilar.
10. Iste’molchilar qanday huquqlarga ega?
Javob: O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 4-moddasiga asosan iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:
– tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to’g’ri va to’liq ma’lumot olish;
– tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo’lishi;
– tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo’lishi;
– hayoti, sog’lig’i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo’lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g’ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to’liq hajmda qoplanishi;
– buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so’rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
– iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
Iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonun hujjatlari bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko’rsatishning boshqa turlari bo’yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.


Xu’jayli yuman adliya bo’limi
bosh maslahatchisi B.Otepov