Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Oilaviy-huquqiy munosabatlar tushunchasi


Oilaviy-huquqiy munosabatlar tushunchasi

Oilaviy-huquqiy munosabatlar jamiyatda juda keng tarqalgan munosabatlardir. Oilaviy munosabatlar muayyan hollarda odob-axloq qoidalari bilan tartibga solinadi.
Oilaviy-huquqiy munosabatlar nikoh va oila doirasidagi aniq ijtimoiy munosabatlarni oila qonunchiligi nuqtayi nazaridan tatbiq etishdir.
Oilaviy-huquqiy munosabatlar davomli huquqiy munosabatlar hisoblanadi. Bu xususiyat huquqiy munosabatning maqsadlari bilan belgilanadi.
Nikoh tuzishdan maqsad oila qurish bo‘lib, u er-xotinning butun umri davomida birga yashashiga mo‘ljallanadi. Ota-onalik huquqiy munosabati bolalarning tarbiyasi va ta’minotiga qaratiladi.
Farzandlikka olish, vasiylik, homiylik va boshqa huquqiy munosabatlar ko‘p xususiyatlari bilan bir-biriga o‘xshab ketadi. Bunday huquqiy munosabatlarda qo‘yilgan maqsadlarga uzoq muddat davomida erishish mumkin.
Oilaviy-huquqiy munosabatlar muddatsiz bo‘ladi. Er-xotinning huquq va majburiyatlari, nikohdan ajralish holatini hisobga olmaganda, bir umr davom etadi.
Ayni paytda shunday oilaviy-huquqiy munosabatlar ham mavjudki. ular ma’lum muddat bilan cheklanadi, biroq belgilangan davrgacha albatta davom etadi.
Masalan, ota-onalarning o‘z bolalarini tarbiyalash majburiyatlari farzand 18 yoshga to‘lguniga qadar davom etadi.
Iqtisodiy bozor munosabatlarida bo‘lgan davlatlarda oilaviy huquqiy munosabatlar maxsus nikoh-oila qonunlari bilan tartibga solinmasdan, balki fuqarolik qonunlari bilan tartibga solingan. Bozor munosabatlari mavjud bo‘lgan jamiyatda oilaviy munosabatlar mulkiy munosabatlar doirasiga kiritilib, fuqarolik huquqi bilan tartibga solingan. Buning asosiy sababi mulkiy manfaatlarning shaxsiy manfaatlardan ustun turishligidir.
Oilaviy-huquqiy munosabatlar o‘zining ba’zi bir belgilari bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga o‘xshab ketadi. Biroq bu o‘xshashlik faqat tashqi ko‘rinishdadir. Mazmunan oilaviy va fuqarolik-huquqiy munosabatlar o‘rtasida muhim sifat farqlari bor.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning asosini mulkiy munosabatlar tashkil etsa, oilaviy-huquqiy munosabatlarning asosini esa, aksincha, mulkiy bo‘lmagan nomulkiy shaxsiy munosabatlar tashkil etadi. Shunga muvofiq, fuqarolik huquqining hamma normalari, barcha institutlari belgilagan maqsadi, avvalo, mulkiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lsa, oila huquqi esa, birinchi navbatda, shaxsiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Fuqarolik huquqida mulkiy munosabatlar, asosan. muayyan ekvivalent barobarida belgilanadigan qiymat, baho bilan ifodalanadigan xarakterga ega. Bu belgilar oilaviy huquqiy munosabatlarga taalluqli emas.

Mo‘ynoq tumani adliya
bo‘limi boshlig‘i        R.Y.Annarazov