Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Bolalarning tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi


O`zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo`ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi Qonuni 14-noyabr 2024-yil qabul qilingan bo`lib, ushbu Qonun 2025-yil 15-may kunidan kuchga kiradi. Qonunning maqsadi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo`lib, Qonunda, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishning asosiy prinsiplari etib qonuniylik, insonparvarlik, bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash, bolalarning huquqlari va imkoniyatlari tengligini ta’minlash, bolalarning tahqirlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning o‘z manfaatlariga taalluqli qarorlar qabul qilinishida ishtirok etishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka bo‘lgan murosasizlik, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplari belgilangan.

Bolalarga og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatmaslik hamda zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish yoxud bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki erkinligiga tajovuz qiladigan jismoniy ta’sir o‘tkazish bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi. Mana shunday zo‘ravonlikka uchragan bolalarga davlat himoyasini taqdim etadigan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi shaxsga yoki shaxslar guruhiga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat himoya orderi beriladi. Himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi.

Qonun bilan ta’lim muassasalarida ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi va ta’lim dasturlari bolalarga nisbatan va bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning, shu jumladan ta’qib etishning (bullingning) oldini olishga, shuningdek bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga nisbatan mensimaslik bilan munosabatda bo‘lishga barham berishga ko‘maklashishi kerakligi belgilangan.

Ta’lim muassasalarida intizomiy jazo choralari sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakllarini, shu jumladan jismoniy jazolarni va boshqa shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan va bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning, shu jumladan ta’qib etishning (bullingning) oldini olish, shuningdek zo‘ravonlikni qo‘llash faktlari yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha dasturlar va mexanizmlar joriy etilib, bunday chora-tadbirlar ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, ustavlariga va ish rejalariga kiritiladi.

Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tayinlanib, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasasi rahbariyati bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishiga imkon beruvchi sabablarni va shart-sharoitlarni bartaraf etish, ta’lim muassasasida inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan, zo‘ravonlikdan xoli bo‘lgan munosabatlarni shakllantirish, xavfsiz va ijobiy psixologik muhitni tashkil etish hamda ta’minlash choralarini ko‘rishi shart qilib belgilandi.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasasi o‘quvchilari ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldini olish maqsadida tashkil qilingan treninglarda ishtirok etishi, agar zo‘ravonlikka guvoh bo‘lsa yoki bu haqda axborotga ega bo‘lsa, ta’lim muassasasining rahbariyatini albatta xabardor etishi shart.

Vakolatli davlat organi tomonidan, yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olinishini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarining oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlashi belgilandi.

 

 

Taxiatosh tumani adliya bólimi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi 

bosh yuristkonsulti Z. Bayniyazova