Янгиликлар
31
Ishga qabul qilish tartibi
Ishga qabul qilish tartibi
Ishga qabul qilish – bu tashkilot ichidagi ish joylariga (doimiy yoki vaqtinchalik) nomzodlarni aniqlash, qidirish, saralash, saralash va suhbatlashishning umumiy jarayoni.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasida ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasportni yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID-kartani, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani;
oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o‘rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani taqdim etadi;
harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha ishga kirish chog‘ida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (mavjud bo‘lganda);
jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno.
Ish beruvchi:
birinchi marta ishga kirgan, besh kundan ortiq ishlagan shaxslarga va qonunchilikda o‘ziga nisbatan mehnat daftarchalarini yuritish nazarda tutilmagan ilgari ishlagan shaxslarga mehnat daftarchasini rasmiylashtirishi;
ilgari jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni bunday hisobga qo‘yish uchun choralar ko‘rishi shart.
Ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsdan ushbu Kodeksda, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Ishga qabul qilish buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi.
Buyruq mehnat shartnomasining mazmuniga to‘liq mos kelishi va xodimga ma’lum qilinishi lozim.
Har bir xodim o‘ziga yuklatiladigan mehnat vazifalari bilan oldindan tanishtirilishi shart.
Agar mehnat shartnomasida ishning boshlanish kuni haqida shartlashilmagan bo‘lsa, xodim shartnoma imzolangan kunning ertasidan ishga tushadi.
O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi Namunaviy Nizom”da (14.08.2023 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3451) mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) ishga qabul qilish chog‘ida tanlov o‘tkazish tartibi belgilangan.
Nizomga asosan,ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovni o‘tkazish vaqtida nomzodlarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek ularning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek imtiyozlar berish kamsitish deb hisoblanadi va bunga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ish beruvchi tanlovni tashkilotdagi bo‘sh (vakant) ish o‘rni uchun munosib nomzodlarni tanlash maqsadida tashkil etadi va o‘tkazadi.
Ishga qabul qilish chog‘ida tanlovning o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlash uchun tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi (bundan buyon matnda Tanlov komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Nukus shahar adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti M.M.Xojaxmetova