Янгиликлар
26
O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashish tajribasi
O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashish tajribasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 01.07.2021 yildagi PF-6255-son Farmoni bilan 2021-2026 yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Strategiyaning maqsadi - respublika konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, milliy xavfsizlik, shuningdek, fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali va muvofiqlashtirilgan davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash.
Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari:
ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish maqsadida vatanparvarlik, an’anaviy qadriyatlar va bag‘rikenglik mafkurasini targ‘ib qilish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish;
ayollar huquqlarini himoya qilish hamda ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish;
uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari ta’siridan himoya qilish;
Internetdan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish;
fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlarini ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga keng jalb qilish;
ekstremistik va terrorchilik harakatlarini sodir etganlik hamda ularni moliyalashtirganlik uchun huquqiy ta’qib va javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ- huquqiy bazani takomillashtirish;
ushbu sohadagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish.
Strategiya uch bosqichda amalga oshiriladi:
a) I bosqichda (2021 yil) quyidagilar nazarda tutilmoqda:
Strategiyani amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash, mazkur muammoni birgalikda hal qilish uchun keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarni jalb etish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida qonunchilikni rivojlantirish istiqbollarini belgilash;
ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy ta’minlanganligi va uyg‘unligini takomillashtirish;
vaziyatni monitoring va tahlil qilishning kompleks dasturlarini tashkil etish, shuningdek, muammolarni aniq belgilash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
b) II bosqichda (2022–2025 yillar) quyidagilar nazarda tutilmoqda:
ushbu sohadagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan amaldagi qonunlarni va boshqa NHHlarni takomillashtirish va yangilarini qabul qilish;
milliy axborot makonini ekstremistik va terrorchilik mafkura kirib kelishidan qo‘shimcha himoyalashga qaratilgan tizimni yaratish;
Strategiyani amalga oshirishda erishilgan natijalarni monitoring qilish;
ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishdan kelib chiqadigan xavf, tahdid va xatarlarni, shuningdek, mamlakatdagi millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni kompleks tahlil qilib, vaziyatning rivojlanish istiqbollari bo‘yicha prognozlarni hamda aniqlangan xavf, taxdid va xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
v) III bosqichda (2026 yil) Strategiyani amalga oshirish natijalarini umumlashtirish hamda mazkur sohada strategik rejalashtirish bo‘yicha yangi hujjatlarni ishlab chiqishga qaratilgan takliflarni tayyorlash, shuningdek, idoralararo darajada tashkiliy xarakterdagi choralar qabul qilinishini ta’minlash nazarda tutiladi.
Strategiyaning amalga oshirilishi quyidagilarga imkon beradi:
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va mafkuraviy mexanizmlarning samarali tizimini, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish;
jamiyatning turli qatlamlarida ekstremistik va terrorchilik g‘oyalarining tarqalishiga to‘sqinlik qilish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
ekstremizm va terrorizmning barvaqt oldini olishga davlat tashkilotlarining barcha imkoniyatlarini, shuningdek, keng jamoatchilikni jalb qilish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, turli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV hamda fuqarolarning faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Taxiatosh tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti Z.Bayniyazova