Янгиликлар
14
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi
Huquqiy davlatning muhim va ajralmas belgisi - bu qonun ustuvorligi hisoblanadi.
Qonun ustuvorligi xalq hokimiyati va inson huquqlari tushunchalari bilan bevosita bog‘liq prinsipdir. Chunki xalq hokimiyati deganda fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish huquqi tushuniladi. Shu ma’noda xalq irodasining ifodasi bo‘lgan, fuqarolarning parlamentga saylab qo‘ygan vakillari orqali yoki o‘zlari tomonidan bevosita referendum orqali qabul qilingan qonunlar xalq hokimiyatchiligining natijasi, majoziy qilib aytganda, mevasi hisoblanadi. Inson huquq va erkinliklari qonunlar vositasida hayotga joriy etiladi, aslida qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashning zarur normativ-huquqiy va tashkiliy institutsional asoslari shakllantirilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi «Konstitutsiya va qonunning ustunligi» deb nomlanib, mazkur bob Konstitutsiyamizning Asosiy prinsiplar bo‘limida joylashgan.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 15-moddasida, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. deb belgilangan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 16-moddasiga ko’ra, ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsip va normalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi. Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga egaligi, qonunosti hujjatlar qonun asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi, qonunlar eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishi, normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi shartligi, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llanilishi kabilar belgilab qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligi jamiyatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanishini, inson huquqlari himoyalanishini, mamlakat iqtisodi barqaror o‘sishi uchun tadbirkorlarda, chet ellik investorlarda mustahkam ishonchni shakllanishining mustahkam garovidir.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
B.Аvazmetov