Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Ma’muriy huquqbuzarliklar haqida


Ma’muriy huquqbuzarliklar haqida

    Huquqbuzarlik — huquq va muomala layoqatiga ega subyekt tomonidan sodir etiladigan, huquq normalari talablariga zid keluvchi hamda shaxsga, mulkka, davlatga va butun jamiyatga zarar keltiruvchi ijtimoiy xavfli qilmish. Oʻz xususiyatiga koʻra, Huquqbuzarlik jinoyat, nojoʻya harakat, intizomni buzish shaklida boʻladi.
   Maʼmuriy huquqbuzarlik -huquqbuzarlikning bir turi. Oʻzbekiston Respublikasi MJKga koʻra, qonun hujjatlariga binoan maʻmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi gʻayriqonuniy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladigan ayb mavjud boʻladi.
    Qonunga koʻra, Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda 16 yoshga toʻlgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik jinoyatdan ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab farqlanadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik sudlanganlik holatini keltirib chiqarmaydi. Jinoyat faqat sud organlari tomonidan, Maʼmuriy huquqbuzarlik esa, sud organlaridan tashqari, bir qancha vakolatli davlat boshqaruvi organlari (mansabdor shaxslar) tomonidan ham koʻrib chiqiladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo choralari, jinoyat uchun jiddiy jazo qoʻllanadi. Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga maʼmuriy javobgarlikni qoʻllash jarayoni soddalashtirilgan (mas, yoʻl harakati qoidasini buzgan shaxsga bitta bayonnoma tuzilishi bilan maʼmuriy jarima jazosini qoʻllash mumkin) va hakozo.
   O‘zbekiston Respublikasida 1994 yil qabul qilinib, 1995 yildan kuchga kirgan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks” ham jamiyatning huquqiy ongini, ularning qonunlarga rioya qilishga xizmat qilib kelmoqda.
   Ma’muriy huquqbuzarlik iborasiga to‘xtaladigan bo‘lsak. Avvalo, qonunchilikka binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik ma’muriy huquqbuzarlik deb tushuniladi.
   Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning javobgarligi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”da belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, jarima, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish, ma’muriy qamoqqa olish, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazo turlari mavjud.
    Ma’muriy jazo shaxsga nisbatan qo‘llanilganda, avvalo, uning maqsadi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o‘zi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish uchun qo‘llanilishini bilishimiz kerak.
    Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning javobgarligi doirasida ularga nisbatan majburlov choralari ham qo‘llaniladi.
    Xususan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llaniladi.
    Ushbu tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi.
    Bundan tashqari, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanishi belgilab o‘tilgan.
    Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs qonunda belgilangan tartiblarda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Ushbu huquqbuzarliklar o‘zining kam ahamiyatligi jihatidan jinoiy javobgarlikdan farq qiladi.


Nukus shahar adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti                                   M.M.Xojaxmetova