Янгиликлар
13
Inson huquqlari milliy strategiyasining bugungi kunda jamiyatdagi o’rni
Inson huquqlari milliy strategiyasining bugungi kunda jamiyatdagi o’rni
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so'z yuritib, xususan, yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilinganini alohida ta'kidlagani bejiz emas. Bu haqda so'z borganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etilgani va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilganini alohida qayd etish lozim.
Milliy strategiyani tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning Rasmiy hujjatlar tizimiga ham joylashtirildi. Natijada dunyo jamoatchiligi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va frantsuz tillaridagi matni bilan tanishishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi.
O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta'minlash sohasida aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o'zgartirmoqda. Jamiyatda «Yangi O'zbekistonni birgalikda barpo etamiz» degan ulug'vor maqsad shakllandi va «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan yangi g'oya kundalik faoliyatimizga faol kirib bormoqda. O'zbekistonda vijdon erkinligi huquqini ta'minlash sohasida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatda 16 ta konfessiyaning 2 277 ta diniy tashkilotlari o'z faoliyatini olib bormoqda. «Jaholatga qarshi ma'rifat» g'oyasini amalga oshirishga, diniy ta'lim va ma'rifat tizimini rivojlantirishga, diniy xodimlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Milliy strategiyani amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etadilar. Shuningdek, Milliy strategiyani amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinadi.
Beruniy tumani adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
boshlig’i M.Kamolova