Янгиликлар
05
Fuqarolik protsessual hujjatlar
Fuqarolik protsessual hujjatlar
Mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar majmuasida sud-huquq islohotlari, xususan, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlar alohida muhim oʼrin egallaydi. Zero, jamiyatning farovonligi va demokratiyaning ustuvorligi avvalo, jamiyatda tartib-qoidaning hukmronligi bilan bogʼliq boʼlib, ushbu jarayonda nafaqat jamiyatda mavjud qonunlarning mukammalligi, ularning hayotga tadbiq etilishi va nazorati, shu bilan birga inson va fuqarolarning mavjud tartib-qoidalar, qonunlarni tan olishi, ularga ongli ravishda rioya qilishi, boʼysunishi, ijrosi jarayonida bevosita faol ishtirokchi boʼlishi ham hal qiluvchi muhim omillardan hisoblanadi.
Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʼshma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasi” boʼyicha maʼruzasida Oʼzbekistonda sudhuquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga toʼxtalar ekan, jamiyatning demokratiya yoʼlidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati koʼp jihatdan odamlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasiga bogʼliq ekanligini, bu aholining inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʼlishini, fuqarolarda qonunga itoatkorlik tuygʼusining yanada ortishini taʼminlashini alohida taʼkidlab oʼtgan edi.
Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan sudhuquq sohasidagi islohotlarning muhim yoʼnalishlaridan biri sifatida belgilangan aholi huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning koʼlami va samaradorligi kun sayin ortib bormoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi sud tizimi tarkibiga kiruvchi fuqarolik ishlari boʼyicha sudlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi turli nizolarni, basharti bunday nizolarni koʼrishning oʼzgacha tartibi qonun hujjatlarida belgilangan boʼlmasa, koʼrib chiqadilar. Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida keltirilgan bunday sudlovga taalluqlilik qoidasi fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarning fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda alohida oʼrin egallashini bildiradi. Fuqarolik ishlari boʼyicha sudlar har qanday fuqaroning kundalik hayotida vujudga kelgan nizolarni koʼradi.
Bunday nizolar mehnat, oila, nikoh, meros, shartnomaviy va boshqa xil huquqiy munosabatlardan kelib chiqishi mumkin.
Ushbu sudlarga kelib tushadigan daʼvo arizalari, shikoyatlar va arizalar fuqarolik protsessual qonunchilikda oʼrnatilgan tartibda koʼrib chiqiladi va hal qilinadi.
Belgilangan protsessual huquq normalariga koʼra fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarda ishlarni koʼrish va hal qiluv qarori qabul qilish 3 ta bosqichdan iborat: – arizani qabul qilish va fuqarolik ishi qoʼzgʼatish; – fuqarolik ishini sudda koʼrishga tayyorlash; – fuqarolik ishini sud majlisida koʼrish va hal qiluv qarori qabul qilish.
Har bir bosqich muhim protsessual ahamiyatidan tashqari, oʼzining alohida maqsad va vazifalariga ham egadir. Masalan, arizani qabul qilish va fuqarolik ishi qoʼzgʼatish bosqichida sudьya arizaning mazmuni va arizaga ilova qilingan hujjatlar Fuqarolik protsessual kodeksi 149-moddasi talablariga javob berishini, ariza sudda koʼrishga tegishliligini, arizachi mazkur nizo boʼyicha oldin sudga murojaat qilgan yoki qilmaganligini va boshqa holatlarni tekshiradi.
Fuqarolik ishini sudda koʼrishga tayyorlash bosqichida sudьya nizoni hal qilish uchun Fuqarolik ishlari boʼyicha sudga murojaat qilish lozim boʼlgan qonun hujjatlarini, taraflarning talab va eʼtirozlarini asoslovchi, shuningdek nizoni toʼgʼri hal etish uchun ahamiyatga ega boʼlgan boshqa holatlarni, ishni hal etish uchun zarur boʼlgan dalillar doirasini aniqlashi, dalillarning oʼz vaqtida sud majlisiga taqdim etilishini taʼminlashi, shuningdek, ishda ishtirok etishi mumkin boʼlgan shaxslar tarkibi masalasini hal etishi kerak.
Hozirgi kunda fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarga murojaat qilish tartibini soddalashtirish hamda koʼrilayotgan ishlarning sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik protsessual hujjatlarni tayyorlash, sud-huquq islohotlari sharoitida aholining huquq va erkinliklarini toʼlaqonli taʼminlashda, muhim ahamiyat kasb etishi,shubhasiz.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi bosh yuriskonsulьti
D.Аllabergenov