Янгиликлар
27
Ishsizlik nafaqasi kimlarga beriladi?
Ishsizlik nafaqasi kimlarga beriladi?
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.
Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ishdan mahrum bo‘lgan, birinchi marta ish qidirayotgan, shuningdek uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashni istagan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.Mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab o‘n kun ichida o‘zlariga taklif qilingan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan shaxslarlarga nafaqa to‘lanmaydi.
Bunday shaxslar taklif qilingan ishni rad etgan paytdan boshlab o‘ttiz kalendar kun o‘tgandan keyingina ishsiz sifatida takroran ro‘yxatga olinish huquqiga egadir.
Quyidagilar maqbul keladigan ish hisoblanmaydi, agar:
ish yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lsa;
ish yashash joyidan ancha uzoq bo‘lsa va transportda qatnash jihatdan qulay bo‘lmasa;
taklif etilgan ishni rad etish ishsiz shaxsning sog‘lig‘i holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mavjud moneliklarga asoslangan bo‘lsa.
Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:
ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.
Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi oldingi ish joyidagi oxirgi bir yilgi o‘rtacha ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga foiz nisbatida belgilanadi.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga oldingi ish joyidagi o‘rtacha ish haqining ellik foizi miqdorida, ammo qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi to‘lash kafolatlanadi.
Ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash yoki ishga joylashish imkoniyati berilmagan taqdirda, ularga qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 26,5 foizi miqdorida nafaqa to‘lash kafolatlanadi.
Seytbayeva.M
Qo‘ng‘ırot tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshyuriskonsult