Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida


Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

Joriy yilning 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-son Qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, mahallalarda kambag‘al oilani aniqlash, uni Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish, kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan choralarni ko‘rish, reyestrdan chiqarish jarayonlari “mahalla yettiligi” tomonidan hamkorlik asosida quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilangan:
Bunda, kambag‘al oilalar yagona savolnoma asosida baholanadi va ularning ijtimoiy portreti shakllantiriladi;
ijtimoiy xodim va hokim yordamchisi tomonidan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, uy-joy, bandlik, ta’lim, xulq-atvor yo‘nalishlarini qamrab oluvchi oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual reja ishlab chiqiladi;
kambag‘al oilalarga — daromadli mehnat faoliyati bilan band qilish va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘nalishida hokim yordamchisi, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlarida — ijtimoiy xodim hamrohlik qiladi;
oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejaning samaradorligi va natijadorligi monitoring qilib boriladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktirilishi belgilangan.
Bunda biriktirilgan mas’ullar quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
oilalarning kambag‘allik holatiga tushish sabablarini o‘rganib, “mahalla yettiligi” tomonidan oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual reja ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
“mahalla yettiligi”, tijorat banklari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda oilalarning o‘z tomorqasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga, ishtiyoqi bor shaxslarning o‘zini o‘zi band qilishiga va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishiga hamda oila a’zolarining, ayollarning kasb-hunar va xorijiy tilni o‘rganishiga, ularga bo‘sh ish o‘rinlarini topishga va ishga joylashishiga ko‘maklashadi;
tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni foizsiz qarz hisobidan olib beradi;
kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirishga ko‘maklashadi, bolalarning ta’lim muassasalariga, qo‘shimcha darslar va to‘garaklarga qatnashishini nazoratga oladi hamda foizsiz qarz asosida olib berilgan noutbukdan samarali foydalanishiga shart-sharoit yaratib beradi, har bir oilaga homiylik asosida dars stoli va stuli, sport kiyimlarini olishga yordam beradi;
oilaning davlat tomonidan taqdim etiladigan tibbiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini, xususan, ayollar va bolalarning tizimli ravishda skrining tekshiruvidan o‘tkazilishini ta’minlaydi, xonadon sanitariya holatini yaxshilashga, kundalik turmush tarzi va ovqatlanishda zararli odatlardan voz kechishga, yoshidan qat’iy nazar har bir oila a’zosining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga, qariyalarni piyoda yurishga undaydi;
oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish uchun ijtimoiy xodim bilan birgalikda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi;
har oyda ikki marta o‘ziga biriktirilgan oilalar bilan uchrashib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada belgilangan choralar amalga oshirilishini tahlil qiladi, yuzaga kelgan muammolarni aniqlaydi hamda ularni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.
Qaror bilan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab kambag‘al oilalar farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinishi, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, kambag‘al oilalar farzandlarining davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi, 2025-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratilishi belgilangan.


J.Ismoilov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Adliya vazirligi Davlat xizmatlari
ko‘rsatilish ustidan nazorat qilish sho‘basi
Yetakchi maslahatchisi