Янгиликлар
21
21-oktyabr – Oʼzbek tili bayrami kuni
21-oktyabr – Oʼzbek tili bayrami kuni
Аytish joyizki, 1989 -yilning 21 -oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash boʼyicha “Davlat tili toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilinib, unga koʼra Oʼzbek tiliga - Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʼlgan ona tilimiz oʼzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʼldi.
Shuningdek, 2020-yil 10 –aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat tili toʼgʼrisidagi”yangi tahrirdagi qonuni imzolandi.
Mazkur qonunga koʼra, “21-oktyabr – Oʼzbek tili bayrami kuni” sifatida mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.
Hech bir shubhasiz, millatlarni bir-biridan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri bu – til. Har bir inson oʼz ona tilini bilishi, uni ulugʼlashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obroʼyi, nufuzi oshadi.
Hech kim hech qachon oʼz ona tiliga boʼlgan hurmatni yoʼqotmasligi kerak. Tilga hurmat – bu xalqqa hurmat. Oʼz ona tiliga ega boʼlmagan xalq mamlakat boʼlolmaydi. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd boʼlsa ham milliy til sofligiga putur yetadi. Til davlat timsoli, mulki hisoblanadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dogʼ tushadi.
Аyni kunda, tuman adliya boʼlimi Yuridik xizmat koʼrsatish markazi xodimlari tomonidan 21-oktyabr – Oʼzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Til – millat iftixori” mavzusida yuridik xizmat koʼrsatish belgilangan tumandagi umumoʼrta taʼlim maktablarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʼtkazililmoqda.
Oʼtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Davlat tilining nufuzini oshirishga qaratilgan soʼnggi oʼzgarishlar, til siyosatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda oʼzbek tilining boy va jozibasi haqida maʼlumotlar berildi.
Shuni ham qayd etish kerakki, 1989- yili “Davlat tili toʼgʼrisida”gi qonunda aks yetgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992- yilda Mustaqillik Qomusi – Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi:
“Oʼzbekiston Respublikasining davlat tili oʼzbek tilidir. Oʼzbekiston Respublikasi oʼz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va yelatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Oʼzbek tili – Oʼzbekiston Respublikasi aholisining mutlaq koʼpchiligi boʼlmish oʼzbek xalqining ona tilidir. U Oʼzbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 150ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, oʼzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʼiz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat koʼrsatayotgani, maktablarimizda taʼlim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba yekanini taʼkidlash oʼrinlidir.
Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda oʼquv mashgʼulotlari xorijiy tillarda oʼtiladigan taʼlim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim oʼzgarishlar natijasidir.
Maʼlumki, davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz soʼzlashuvchilar soni koʼpligiga koʼra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri yekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida oʼzbek tilida soʼzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil yetishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan yarqin dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli yekanini eʼtiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov