Янгиликлар
16
Davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar
Davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar
Аytish joyizki,keyingi vaqtlarda mamlakatimizda barcha sohalarda boʼlganidek, davlat boshqaruv organlari sohasida ham yangi islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda..
Mazkur yangilanishlar tom maʼnoda davlat boshqaruvi tizimining samadorligini oshirishga qaratilgani bilan ham alohida ahamiyatga ega.
Yaqin istiqboldagi innovatsion taraqqiyotimizning dasturilamali boʼlgan Harakatlar strategiyasining birinchi yoʼnalishi ham aynan davlat boshqaruvi tizimi va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarga bagʼishlangani bejiz emas.
Yangi Oʼzbekistonda demokratik davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan yuksak gʼoyaga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Bu borada hozirga qadar qilingan saʼy-harakatlarni tahlil etsak, quyidagi muhim jihatlarni koʼrish mumkin.
Xususan, xalq bilan muloqot qilish, insonlar dardi, muammolarini samarali, tezkor hal qilishning sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Olib borilgan ishlar samarasi oʼlaroq, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor vazifalari boʼyicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yillar davomida toʼplanib qolgan muammolarni yechish, sohani toʼlaqonli tartibga solish amalga oshirilmoqda.
Inson manfaatlarini taʼminlash, odamlar bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish va hal qilish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Mazkur tuzilmalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi, shuningdek, joylardagi muammolarni chuqur tahlil etish mexanizmi va davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish, ularning faoliyatini baholash mezoniga aylandi. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali ishga tushirildi. Fuqarolarga Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga Elektron jamoaviy murojaat berish imkoniyati yaratildi. Murojaatlar bilan ishlash tizimining qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi dasturining qoʼshimcha qulayliklarga ega yangi versiyasi ishlab chiqildi.
Shu bilan bir qatorda,normarkazlashtirish siyosati namunasi oʼlaroq, “hududlardagi muammoni, eng avvalo, oʼsha hududda ishlaydigan va yashaydigan insonlar yaxshi hal qila oladi”, degan fikrdan kelib chiqqan holda davlat apparatining institutsional tizimi qayta koʼrib chiqilib, uni optimallashtirish, samaradorligini oshirish boʼyicha muhim islohotlar amalga oshirildi. Shu jumladan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʼyicha mutlaqo yangi tizim – sektorlar faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Shuningdek,Davlat xizmatlarini koʼrsatish tizimiga innovatsion yondashuv joriy etilib, fuqarolarga nisbatan byurokratik sansolorlik, sarsongarchilik holatlarini tubdan isloh qilishda katta qadamlar tashlandi. Аvvallari fuqarolar turli norasmiy toʼlovlar, korruptsiya holatlaridan aziyat chekkan boʼlsa, davlat xizmatlarini koʼrsatishda inson omilining kamaytirilishi hisobiga bunday muammolarga chek qoʼyilmoqda. Xususan, mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish masʼuliyati yuklangan alohida davlat organi – Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boʼlinmalari tashkil etildi. Shuningdek, tadbirkorlik subʼektlariga “yagona darcha” tamoyili boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatish yagona markazlari Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. “Yagona darcha” tamoyili nafaqat tadbirkorlik subʼektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat koʼrsatishda amal qiladigan boʼldi. Xususan, respublika boʼyicha tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018 yilning boshida jami 37 turdagi davlat xizmatlari koʼrsatilgan boʼlsa, 2019 yilga kelib ularning soni 130 ga yetdi (qariyb 3 baravar). 2020 yildan boshlab Markazlar orqali 143 ta davlat xizmatlari koʼrsatilishi yoʼlga qoʼyildi. Markazlar orqali 2017 yilda 120 mingga yaqin davlat xizmatlari koʼrsatilgan boʼlsa, xizmat turlari ortganligi hisobiga, koʼrsatilgan davlat xizmatlari soni 2019 yilda 11,3 mln.ga yetdi.
Xulosa oʼrnida aytganda, shubhasiz, davlat boshqaruvi tizimidagi oʼzgarishlar boshqa sohalardagi islohotlarning ham muvaffaqiyati garovi boʼlib qolmoqda.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov