Янгиликлар
14
Fuqarolarning erkinliklari, huquq va majburiyatlari
Fuqarolarning erkinliklari, huquq va majburiyatlari
Oʼtgan yillar mobaynida, yurtimizda inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalq hokimiyatchiligi printsipining muhim qoidalaridan biri sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilangan.
Konstitutsiyaviy printsip doirasida Asosiy Qonunimizning 7-9-boblarida inson va fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquq, erkinliklari hamda ularning kafolatlari belgilab berildi.
Mazkur konstitutsiyaviy norma oʼz mohiyatiga koʼra, fuqarolarning Konstitutsiyaning 29-moddasida mustahkamlangan har kim oʼzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi hamda 32-moddada belgilangan jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi bilan uzviy bogʼliqdir.
Asosiy Qonunimiz 30-moddasida belgilangan fuqarolarni ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqishi uchun imkoniyat yaratib berish majburiyati axborot yerkinligi kafolatlaridan biri boʼlib, ushbu konstitutsiyaviy norma Oʼzbekiston Respublikasining oʼndan ortiq qonun hujjatlarida yanada rivojlantirilgan, uni taʼminlashga qaratilgan qoʼshimcha mexanizm va tartibotlar belgilab berilgan.
Shu singari normalar Oʼzbekiston Respublikasining boshqa bir qator amaldagi qonun hujjatlarida ham oʼz aksini topgan desak aslo xato boʼlmaydi.
Xususan, “Axborotlashtirish toʼgʼrisida”gi Qonunning 14-moddasi toʼgʼridan toʼgʼri “Oʼzlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning yerkin foydalanishi”ga bagʼishlangan.
Unga koʼra, yuridik va jismoniy shaxslar oʼzlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanish, mazkur maʼlumotlarning toʼliqligi hamda toʼgʼriligini taʼminlash maqsadida ularga aniqliklar kiritish huquqiga ega boʼlishi belgilab qoʼyilgan.
Oʼzbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʼgʼrisida”gi Qonunning 7-moddasida ham davlat organlari, fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar zimmasiga tegishli majburiyatlar yuklangan.
Shu bilan birga qatorda qonun hujjatlarida sud ish yurituviga jalb qilingan shaxslarning axborot bilan tanishishga boʼlgan huquqlarining qoʼshimcha mexanizmlari ham belgilangan.
Xususan, “Sudlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 8-moddasida, FPK 9-moddasi; XPK 10-moddasi va JPK 20-moddasida sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan toʼla tanishish huquqi taʼminlanishi belgilangan.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy normani toʼliq realizatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 44-moddasida “Hujjatlar bilan tanishib chiqishni asossiz ravishda rad etish” uchun maʼmuriy javobgarlik oʼrnatilgan. Unga koʼra, mansabdor shaxslar tomonidan fuqaroga uning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni asossiz ravishda rad yetishi tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlikka sabab boʼlish koʼzda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida belgilangan fuqarolarning oʼzlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqishga boʼlgan huquqlari mamlakatimizda axborot sohasini isloh qilish, axborot va soʼz erkinligini taʼminlash sohasidagi amalga oshirilayotgan izchil va uzluksiz islohotlar sharoitida yangicha mazmun bilan boyimoqda hamda ushbu konstitutsiyaviy huquqni taʼminlashning yangi usul va mexanizmlari joriy etilmoqda.
Toʼrtkoʼl tumani adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulьti
Davranbek Allabergenov