Янгиликлар
14
Inson huquqlari
Inson huquqlari
Soʼnggi yillarda yurtimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi holat tubdan oʼzgardi. Inson huquqlari boʼyicha milliy institutlarning roli kuchaytirildi. Qiynoqlarning oldini olish boʼyicha milliy mexanizm faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik choralari koʼrildi.
Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan boʼlib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.
Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy oʼrin egallaydi.
Oʼzbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlaridan biri sifatida koʼriladi.
Eng muhimi, jamiyatimizda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuygʼusi kuchaymoqda. Yanada eʼtiborlisi: “Inson shaʼni va qadr-qimmati yoʼlida” ustuvor printsipi hayotda oʼz tasdigʼini topmoqda.
BMT Bosh Аssambleyasi sessiyasida 2020 yil 13 oktyabrь kuni boʼlib oʼtgan saylovlarda Oʼzbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʼyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021 yil 1 yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.
2021 yil oktyabrь oyida Oʼzbekiston Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va xalqaro saylov andozalari talablariga muvofiq holda oʼtkazildi. Ushbu saylovda YeXHT va MDHning anʼanaviy qatnashib keladigan missiyalari bilan bir qatorda, ilk bor Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.
Bugungi kunda 2030 yilgacha moʼljallangan Kun tartibi doirasida Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlariga erishish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bunda “hech kimni ortda qoldirmaslik” printsipiga soʼzsiz amal qilinmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda 2021 yil iyunida Buxoroda "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik" xalqaro forumi tashkil etildi.
Oʼzbekiston BMT Inson huquqlari boʼyicha kengashi 49-sessiyasi minbaridan xalqaro jamoatchilikni yana bir bor BMT Bosh Аssambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlash borasida parlamentlarning rolini oshirish toʼgʼrisidagi rezolyutsiyasini qabul qilishga doir tashabbusni qoʼllab-quvvatlashga chaqirdi.
Xususan, mamlakatimiz 2021 yilda BMT Nogironlar huquqlari toʼgʼrisidagi konventsiyasini ratifikatsiya qildi.
Oʼzbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari boʼyicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʼtgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari boʼyicha butunjahon konferentsiyasi boʼlib oʼtdi.
2020 yilda mamlakatimizda “Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʼgʼrisida”gi qonun qabul qilindi va shu asosda qisqa davrda 70 ming nafardan ziyod fuqaroligi yoʼq shaxs Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari sifatida eʼtirof etildi.
Mamlakatimizda 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlangani, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʼgʼrisida»gi yangi qonun qabul qilingani, Oʼzbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani, BMTning Inson huquqlari taʼlimi butunjahon dasturining toʼrtinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari boʼyicha taʼlim sohasida Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgani kabi amaliy natijalarga eʼtibor qaratildi.
Bu oʼrinda Oʼzbekiston BMTning Inson huquqlari boʼyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan amaliy hamkorlik va muntazam muloqotni yoʼlga qoʼyganini alohida taʼkidlash lozim. Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ham aynan mazkur Boshqarma bilan hamkorlikda 2020 yil iyunida ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor oʼz tasdigʼini topgan. Shu asosda Oʼzbekiston BMTning Inson huquqlari boʼyicha kengashiga aʼzoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulьti
Nasiba Аbduraxmanova