Янгиликлар
30
Davlat tibbiy sug‘urtasi bosqichma-bosqich joriy etiladi?
Davlat tibbiy sug‘urtasi bosqichma-bosqich joriy etiladi?
Prezidentning 2024 yil 5 sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-311-son qarori qabul qilindi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat budjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish quyidagilarni nazarda tutadi:
● Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini tasdiqlash va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etish;
● kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish bundan mustasno). Bunda oilaviy shifokor tor soha shifokorlariga yoki shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi;
● birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilotlar va ularga biriktirilgan O‘zbekiston fuqarolari, soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (voyaga yetmaganlar uchun – ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) o‘rtasida bitim tuziladi;
● shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadigan “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi. Bunda tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.
Hujjatga asosan, 2025 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:
● jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
● Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
● voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.
2027 yil 1 yanvardan boshlab so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy JShDS yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar, shuningdek voyaga yetmaganlar, o‘quvchilar va talabalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Tajibaev Rustam Baxadirovich
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i