Янгиликлар
30
Ikkita soliq imtiyozi bekor bo‘lmoqda
Ikkita soliq imtiyozi bekor bo‘lmoqda
Prezident tomonidan 18.09.2024 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soliq va bojxona imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi PF-140-sonli Farmon imzolandi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab moliya yili davomida qabul qilingan va budjet daromadlarini kamaytirishni, soliq va bojxona imtiyozlarini berishni hamda soliqsiz tushumlardan budjetga ajratmalarni kamaytirishni nazarda tutuvchi normalarni keyingi moliya yilidan boshlab amalga kiritish tartibi o‘rnatiladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi imtiyozlar bekor qilinmoqda:
-yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar;
-yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyoz; mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50%ga kamaytiriladi.
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan va davlat tashqi qarzi hisobidan to‘liq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida budjet tashkilotlari tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish, shuningdek, olib kirish bo‘yicha aylanma 2028 yil 1 yanvarga qadar QQSdan ozod qilinadi.
Bunda mazkur imtiyoz loyiha ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq operatsiyalari, jumladan, norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar 2029 yil 1 yanvariga qadar soliq solinadigan ob’ekt hisoblanmasligi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq solinadigan bazaga kiritilmasligi to‘g‘risida aniqlik kiritilmoqda (ilgari – muddatsiz bo‘lgan).
Mazkur Farmonning normalari bilan qo‘shimcha ravishda buxgalter.uz.da tanishib chiqishingiz mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.09.2024 yildan kuchga kirdi.
Tajibaev Rustam Baxadirovich
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i