Янгиликлар
30
ISHSIZLIK NAFAQASI MIQDORI VA TOʻLASH SHARTLARI
ISHSIZLIK NAFAQASI MIQDORI VA TOʻLASH SHARTLARI
OʻRQ-642-son Qonunning 51-moddasiga koʻra, belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega. Ishsizlik nafaqasini toʻlash ishsiz shaxsning yashash joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi. Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan birinchi kundan eʼtiboran hisoblanadi va toʻlanadi. Ishsizlik nafaqasi oʻn ikki oylik davr ichida koʻpi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida toʻlanadi. Joriy oyda ishsizlik nafaqasini toʻlash oʻtgan oy uchun amalga oshiriladi. Toʻliq boʻlmagan kalendar oy uchun ishsizlik nafaqasini toʻlash chogʻida ishsizlik nafaqasi mazkur nafaqa toʻlanishi kerak boʻlgan ushbu kalendar oydagi kunlar sonining toʻliq kalendar oydagi kunlar soniga mutanosib miqdorda toʻlanadi. Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal boʻlgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga yetgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yoʻl qoʻyiladi. Oʻz mehnat stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyatiga ega boʻlmagan shaxslarga ishsizlik nafaqasini tayinlash chogʻida ularga ilgari ishlamaganlar va birinchi marta ish qidirayotganlar sifatida qaraladi. Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yoʻllanma (ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma) yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yoʻllanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.
Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi yuridik
xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti: J.Otemisova