Янгиликлар
30
Ko‘chaboshi va uyboshilarning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g'risidagi namunaviy nizom haqida
Ko‘chaboshi va uyboshilarning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g'risidagi namunaviy nizom haqida
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 334-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chaboshi va uyboshilarning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g'risida”gi Nizom tasdiqlangan.Mazkur nizom fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ko‘chaboshi va uyboshilarni saylash, ularning maqomini, asosiy vazifalari va funktsiyalarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ko‘chaboshi va uyboshi sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylanishi mumkin.
Ko‘chaboshi va uyboshi sifatida saylashda nomzodlarning tashkilotchilik qobiliyati, hayotiy tajribasi va tegishli hudud aholisi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishiga ustunlik beriladi.
Ko‘chaboshi va uyboshilar saylovi fuqarolar yig'ini kengashi tomonidan qabul qilinadigan qaror asosida o‘tkaziladi.
Ko‘chaboshi va uyboshilar saylovi tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning fuqarolar yig'ini raisi rahbarligidagi yig'ilishda (keyingi o‘rinlarda — yig'ilish) ochiq ovoz berish orqali o‘tkaziladi.
Ko‘chaboshi va uyboshi saylovini tashkil etish va o‘tkazish sanasi, vaqti, joyi hamda nomzodlar to‘g'risidagi axborot fuqarolar yig'ini raisi yoki uning maslahatchilari tomonidan saylov o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin tegishli hudud fuqarolari e’tiboriga etkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan hamda tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar (keyingi o‘rinlarda — saylovchilar) ko‘chaboshi va uyboshini saylash huquqiga ega.
Har bir saylovchi bir ovozga ega bo‘ladi.
Agar ko‘chaboshi va uyboshi saylovida saylovchilarning yarmidan kamrog'i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb hisoblanadi.
Ko‘chaboshi va uyboshi saylovchilar tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
Har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sanog'i fuqarolar yig'ini raisi tomonidan yuritiladi.
Saylov ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilishiga fuqarolar yig'ini raisi mas’ul hisoblanadi.
Saylov natijasi bo‘yicha yig'ilish bayonnomasi tuziladi. Bayonnoma fuqarolar yig'ini raisi va saylovchilar tomonidan imzolanadi.
Saylovchilarning yarmidan ortiq ovozini olgan nomzod ko‘chaboshi va uyboshi etib saylangan hisoblanadi.
Ko‘chaboshi va uyboshi saylovini o‘tkazish jarayoni videokuzatuv moslamalari orqali qayd qilinishi va Internet jahon axborot tarmog'ida yoritib borilishi mumkin.
Ko‘chaboshi va uyboshilarning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, yangi saylovlar tegishli fuqarolar yig'ini kengashi qarori asosida ushbu Namunaviy nizom talablariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
Quyidagilar ko‘chaboshi va uyboshining asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘ziga biriktirilgan ko‘chalar yoki ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholining ro‘yxatini shakllantirish;
oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni hal qilish bo‘yicha fuqarolar yig'ini kengashiga takliflar kiritish;
«Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlarini joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek, o‘ziga biriktirilgan ko‘chalar yoki ko‘p kvartirali uylar atrofini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ta'mirlash, shuningdek, bolalar maydonchalarini tashkil etish va jihozlashga doir chora-tadbirlar rejalari loyihalariga takliflar kiritish;
aholi tinchligi va xotirjamligiga xavf tug'diruvchi holatlar haqida fuqarolar yig'ini raisi, profilaktika inspektoriga xabar berish;
fuqarolar yig'ini kengashining a'zosi sifatida yig'ilishlarda aholining istaklarini va o‘z takliflarini bildirish;
aholini ixtiyoriylik asosida hashar va obodonlashtirish tadbirlariga jalb etishga ko‘maklashish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg'iz yashovchi hamda yolg'iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, notinch va muammoli oilalarga yordam ko‘rsatish;
to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha fuqarolar yig'ini kengashiga takliflar kiritish;
aholi tomonidan issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamli foydalanishlarini targ'ib qilish, tegishli hududni namunali saqlashga ko‘maklashish.
Nukus shahri adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Sh.Ametov