Янгиликлар
26
Korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari
Korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari
Korruptsiya har qanday davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʼrsatadi.
Korruptsiyaga qarshi kurashishning ustuvor huquqiy asoslari qator xalqaro huquqiy normalarda oʼz ifodasini topgan boʼlib, ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
Jumladan, 2003- yil 31- oktyabrda qabul qilingan BMT ning Korruptsiyaga qarshi Konventsiyasi; 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan BMT ning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konventsiyasi; 1999 yil 27 yanvardagi Yevropa Kengashining “Korruptsiya uchun jinoiy javobgarlik toʼgʼrisida” gi Konventsiyasi;
1999 yil 4 noyabrdagi “Korruptsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik toʼgʼrisida” gi Konventsiyalari va boshqalar.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston yuqorida taʼkidlangan xalqaro normalardan 2008 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korruptsiyaga qarshi Konventsiyasi, shuningdek, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurash boʼyicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan.
Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Shu asnoda, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasida Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” gi PF-6013-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon asosida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurash Аgentligi tashkil etildi.
Mazkur Farmon bilan Аgentlik tarkibida korruptsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etildi.
Korruptsiyaga qarshi komplaens nazorati – davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, xoʼjalik yurituvchi subʼektlar faoliyatini korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korruptsiya xavf-xatarlari, manfaatlar toʼqnashuvini oʼz vaqtida aniqlash va chek qoʼyish, qonun buzilishi va korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni oʼzida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Shuningdek,2023-yil 27-noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-200-son farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan, korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq maʼlumotlar koʼlamini yanada kengaytirish, ulardan toʼsiqlarsiz foydalanishni taʼminlash, shuningdek, «Oʼzbekiston — 2030» strategiyasidagi muhim vazifalarni amalga oshirish belgilandi.
Muxtasar aytganda, korruptsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʼdiruvchi xavfli jinoyatdir.
Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʼlishi zarur.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov