Янгиликлар
26
Аyrim yoshlarga til oʼrgangani uchun moddiy ragʼbatlantiriladi
Аyrim yoshlarga til oʼrgangani uchun moddiy ragʼbatlantiriladi
Taʼkidlab oʼtish joyizki, Oʼzbekistonda ayrim yoshlarning til oʼrganish boʼyicha oʼqish xarajatlarini qoplash uchun bir martalik moddiy ragʼbatlantirish tizimi joriy etiladi.
Bu haqda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-iyun kungi “Yoshlarni xorijiy tillarga oʼqitish tizimi samaradorligini oshirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-239-son qarorida belgilandi.
Mazkur qarorga koʼra, endilikda ayrim yoshlarga til oʼrgangani uchun moddiy ragʼbatlantiriladi.
Qarorga muvafiq, imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari boʼyicha ingliz, nemis, frantsuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida C1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarni imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qoʼshimcha ravishda oʼqish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 million 20 ming soʼm) miqdorida bir martalik moddiy ragʼbatlantirish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2024 yil 1 sentyabrdan 2027 yil 1 yanvargacha yoshlarning nemis, frantsuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʼyicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan toʼplanishi lozim boʼlgan ballning (sertifikat darajasining) minimal koʼrsatkichi bir pogʼona pasaytiriladi.
Bundan tashqari, umumiy oʼrta taʼlim muassasalarining sinf xonalarini taʼlim jarayonidan boʼsh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʼqitish faoliyatini amalga oshirish uchun toʼgʼridan toʼgʼri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy oʼquv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Bunda tegishli umumiy oʼrta taʼlim muassasalarining roʼyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Shu bilan birga,qaror bilan Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qoʼshimcha funktsiyalar yuklandi:
Xususan, yoshlarni xorijiy tillarga oʼqitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori boʼlgan chet tillarini mukammal oʼzlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish; xorijiy tillarni oʼqitish faoliyati bilan shugʼullanuvchi YaTTlar, oʼzini oʼzi band qilgan shaxslar hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari (xususiy oʼquv markazlari), ushbu yoʼnalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qoʼllab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi boʼyicha takliflar tayyorlash;xususiy oʼquv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori oʼrinni egallaganlarni ragʼbatlantirish, shuningdek yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni oʼrganishni targʼib qilish, ushbu yoʼnalishdagi ijtimoiy loyihalar, koʼrik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish.
Qaror bilan, umumiy oʼrta taʼlim muassasalarining sinf xonalarini taʼlim jarayonidan boʼsh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni oʼqitish faoliyatini amalga oshirish uchun toʼgʼridan-toʼgʼri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy oʼquv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, qarorga muvofiq, 2024- yil 1- oktyabrdan:
Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy oʼquv markazlarining Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi va reyting natijalariga koʼra olis va chekka hududlarda faoliyat koʼrsatuvchi eng yuqori koʼrsatkichga ega 100 ta xususiy oʼquv markazining taʼlim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara toʼlovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.
Mazkur qarorga koʼra,endilikda 2024–2026 yillarda oliy taʼlim tashkilotlarining xorijiy til filologiyasi taʼlim yoʼnalishi boʼyicha 3 va 4-kursda tahsil olayotgan hamda kamida S1 darajadagi sertifikatga ega talabalariga umumiy oʼrta, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida oʼqituvchi sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi.
Shuningdek, 2024/2025 oʼquv yilidan ota-onalar va oʼquvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, frantsuz, koreys, xitoy va yapon tillarini oʼqitishni yoʼlga qoʼyiladi.
Bundan tashqari, 2025- yil 1-yanvargacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni oʼrgatish boʼyicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyiladi hamda ularning xalqaro taʼlim standartlariga mos taʼlim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.
Toʼrtkoʼl adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti
Davrаnbek Аllabergenov