Янгиликлар
25
Xotin-qizlar huquqlariga oid 10 savolga 10 javob
Xotin-qizlar huquqlariga oid 10 savolga 10 javob
1-savol Magistratura bosqichiga kontrakt asosida qabul qilingan va ta'lim olayotgan xotin-qizlarning to'lov-kontrakt pullari davlat tomonidan to`lab beriladimi?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, davlat OTMlari magistratura bosqichiga kontrakt asosida qabul qilingan va ta'lim olayotgan xotin-qizlarning to'lov-kontraktning to'liq summasi byudjetdan qoplab beriladi.
Buning uchun xotin-qizlar rektor nomiga 15 sentabrgacha ariza berishi kerak.
Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko'rib chiqilmaydi.
2-savol Homiladorligim sababli ishga qabul qilishdan bosh tortmoqda bu bo`yicha javobgarlik bormi?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to'lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Bunda, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g'ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo'shatish, quyidagi jazo choralaridan biri qo'llanilishiga sabab bo'ladi:
➖BHMning 25 baravarigacha miqdorda (8 mln 500 ming so'mgacha) jarima;
➖3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
➖3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
3-savol Ishxonamizda shtatlar qisqarishi masalasi bo`lmoqda. Pensiya yoshiga yaqinlashib qolganman. Ayollarga pensiyaga chiqishda imtiyozlar bormi?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o'zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o'zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e'tirof etilganda ayollar 53 yoshga to'lganda va ish staji kamida 20 yil bo'lganda pensiya olish huquqiga ega bo'ladi.
4-savol Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar qanday ta`minlanadi?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash orqali davlat boshqaruvida turli jinsdagi shaxslarning ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi.
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta'minlanishi kerak.
5-savol Men davlat korxonasida ishlayman. Uch yoshga to'lmagan bolam bor. Uyga ertaroq qaytish uchun ish soatimni qisqartirsam oyligim kamayib qolmaydimi?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, uch yoshga to'lmagan bolaning byudjet tashkilotlarda ishlaydigan onasiga haftasiga 35 soatdan oshmaydigan ish vaqti belgilanadi va bunda ish haqi kamaytirilmaydi.
Shunigdek, ish beruvchi homilador ayolning, 14 yoshga to'lmagan bolaning (16 yoshga to'lmagan nogironligi bo'lgan bolaning) onasining iltimosiga ko'ra tibbiy xulosa asosida to'liqsiz ish vaqtini belgilashi shart.
6-savol Kimlar “Mo'tabar ayol” ko'krak nishoni bilan kimlar taqdirlanishi mumkin?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, “Mo'tabar ayol” ko'krak nishoni ta'sis etilgan bo'lib, mazkur ko'krak nishoni bilan quyidagi xotin-qizlar taqdirlanishi belgilangan:
- jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko'rsatgan;
-o'zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo'shgan;
-sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma'naviy-axloqiy muhitni sog'lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ'ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan.
7-savol Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo'lga qo'yish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishida qanday imtiyozlar mavjud?
Javob: Qonunchilikka ko'ra, xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo'lga qo'yish uchun Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg'armasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so'mgacha kreditlar ajratilishi belgilangan.
8-savol Ayollar daftariga kimlar kiritiladi?
Javob:“Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
????ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
????tadbirkorlik qilish istagida bo'lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
????boquvchisi bo'lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
????ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo'lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
????uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
????qaramog'ida nogironligi bo'lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar.
“Ayollar daftari”ga xotin-qizlar yashab turgan joyi bo'yicha kiritiladi, bunda xotin-qizlarning yashash joyi bo'yicha doimiy yoki vaqtincha ro'yxatda turmasligi "Ayollar daftari"ga kiritishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
9-savol Ayrim xotin-qizlar tavsiyanoma asosida bakalavriatga o`qishga kirishi mumkin deb eshitdim tartibi qanday?
Javob: Qonunchilikka ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilgan.
10-savol Ayrim onalarga soliq imtiyozi qo`llanilishi belgilanagan ekan tartibi qanday?
Qonunchilikka ko'ra, ikki va undan ortiq 16 yoshga to'lmagan bolalari bor yolg'iz onalarning mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi (1 480 500 so'm) daromadlari soliq solishdan ozod etilishi belgilangan.
✔️ Bu imtiyoz har bir bola uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotnoma asosida beriladi.