Янгиликлар
18
Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklarining kafolatlari
Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklarining kafolatlari
Mamlakatimizda nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy-qoʼlab quvvatlash boʼyicha barcha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilgan.
Soʼnggi yillar mobaynida, nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʼlib, nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash kafolatlanmoqda.
Nogironligi boʼlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid masalalar qonun darajasida belgilandi.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida Oʼzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʼlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qoʼyilgan.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktyabrdagi “Nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlari toʼgʼrisida”gi OʼRQ-641-son qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonunning 11-moddasida ham aynan Konstitutsiyaning 18-moddasiga toʼla mos ravishda nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlari va imkoniyatlari boshqa fuqarolar bilan teng ravishda taʼminlanadi deb belgilangan.
Muhim jihatlardan biri, ushbu qonun bilan,yurtimizda nogironligi boʼlgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga koʼra kamsitilishga yoʼl qoʼymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi boʼlgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va oʼz individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, obʼektlar va xizmatlarning qulayligi va nogironligi boʼlgan shaxslarni jamiyat va davlatning hayotiga jalb etish kabi nogironligi boʼlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy printsiplari mustahkamlab qoʼyildi.
Bundan tashqari, Qonunning 6-moddasida nogironligi boʼlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʼyish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal koʼrish, shuningdek nogironligi boʼlgan shaxslarning obʼektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanshi ham belgilangan.
Shu bilan bir qatorda, Qonunning 9-moddasida nogironligi boʼlgan shaxslarning binolardan, inshootlardan, transportdan, axborotdan va aloqa vositalaridan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shuningdek boshqa obʼektlardan va aholiga koʼrsatiladigan xizmatlardan oʼzga fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish yoʼli bilan taʼminlanishi belgilab qoʼyilgan.
Xulosa oʼrnida aytganimizda, mamlakatimizda nogironligi boʼlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda,shuningdek jamiyat hayotida uning boshqa aʼzolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratishni kafolatlavchi BMT ning umumeʼtirof etilgan Inson huquqlari boʼyicha Konventsiyasiga mos ravishda mustahkam huquqiy baza yaratilgan desak, aslo xato boʼlmaydi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
2-darajali adliya maslahatchisi
Bekpulat Аvazmetov