Янгиликлар
13
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning burchlari
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning burchlari.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning huquqlari belgilangani kabi ularning burchlari ham belgilangan. Hamma davrlarda ham odamlar huquqlardan foydalanar ekan ular uchun muayyan burchlar ham yuzaga keladi. Huquq bu davlat tomonidan o'rnatilgan, u tomonidan himoya qilinadigan barcha uchun majburiy bo'lgan xulq-atvor qoidalari tizimi. Ma'lumki, huquq shaxsga tabiat, jamiyat, davlat tomonidan beriladigan o'z harakatining turi va me'yorini tanlab olish imkoniyati bo'lsa, burch jamiyat va davlat tomonidan berilgan va huquqiy normalarda o'z aksini topgan talablarini bajarish zaruratidir. Burch -kishining biror bir shaxs, oila, jamoa, el-yurt, vatan oldidagi majburiyatini anglatuvchi axloqiy tushuncha.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-bobi 6 moddani o'z ichiga oladi bular 59-64- moddalar bo'lib "Fuqarolarning burchlari" deb nomlanadi. Bundagi burchlar siyosiy, iqtisodiy, shaxsiy masalalarga taalluqli bajarilishi majburiy xatti-harakatlar hisoblanadi.
Fuqarolarning "Konstitutsiyaviy burchi" yoki "asosiy burchi" bir manoda ishlatiladi va tushuniladi. Asosiy burchlarning bajarilishidan jamiyat a'zolari, davlat birdek manfaatdordir. Yana burchlarning ixtiyoriy va to'la bajarilishi jamiyat rivojlanishiga ijobiy ta'sir qiladi. Vaholanki, konstitutsiyada belgilangan har qanday burch fuqarolar uchun bajarilishi shart hisoblanadi. Xuddi huquqlarsiz burchlar bo'lmagani kabi, burchlarsiz huquqlar ham bo'lmaydi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 11-bobi "Fuqarolarning burchlari" 59-moddadan boshlanadi "Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo'yilgan burchlarni bajaradilar", deb belgilangan qoida konstitutasiyaviy burchlarni bajarilishi shart ekanligini ko'rsatib, barcha konstitutsiyaviy buchlarni bajarilishini ta'minlashga qaratilgan umumiy va rahbariy qoida hisoblanadi. Chunki konstitutsiyamizda belgilanganidek, konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to'g'ridan-to'g'ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil qiladi. Ushbu norma konstitutsiya normalarining bajarilishi majburiy hisoblangani kabi konstitutsiyada belgilangan burchlarning bajarilishi ham majburiyligini ko'rsatadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 60-moddasida esa bu burch yanada aniqlashtirilgan va doirasi kengaytirilgan. Unga asosan, "Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar".
Demak, birinchidan, har bir fuqaro, nafaqat, konstitutsiyaga, balki barcha qonunlarga bo'ysunishga majbur. Bu qonuniylik prinspining mazmun va mohiyatiga mos kelib, ana shu prinspning amalga oshishini ta'minlashni nazarda tutadi. Ikkinchidan, har bir kishi - fuqaro boshqa kishilarning huquqlarini, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.
Bu konstitutsiyaviy burch fuqarolarga, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga va ajnabiy fuqarolarga ham birdek bajarilishi shart bo'lgan burch hisoblanadi. Chunki O'zbekiston hududida yashayotgan fuqarolardan tortib fuqaroligi bo'lmagan shaxslar va ajnabiy fuqarolar ham konstitutsiya va qonunlarni ustunligini anglagan holda ularga birdek bo'ysunishi majburiy hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasida "Fuqarolar o'zbek xalqining tarixiy, ma'naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab avaylashi shart ekanligi belgilab o'tilgan. Tarixiy, manaviy, madaniy ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan himoya qilinadi".
O'zbekiston xalqining tarixiy yodgorliklari, madaniy va ma'naviy merosi butun xalqining milliy boyligidir. Bu milliy boylik asrlar davomida yaratildi va har birimiz ajdodlarimizning tarixiy va madaniy merosini saqlab qolishimiz lozim. Bu sohada qator qonunlar qabul qilingan bo'lib, shular jumlasiga "Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va va ulardan foydalanish to'g'risida"gi qonun ham kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida "Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdirlar" degan norma belgilab qo'yilgan. Shuningdek, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish "O'zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonunida o'z aksini topgan bo'lib, ular fuqarolar zimmasiga quyidagi burchlarni yuklaydi.
•Tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish;
•Tabiiy boyliklarni asrab avaylash;
•Tabiiy obyektlari bilan bog'liq bo'lgan madaniy merosini saqlab qolish.
Bugungi kunda inson hayoti uchun tabiatni yo'q qilish, havo, yer va suvni ifloslantirishdek katta xavf-xatar yo'q. Tabiatni qutqarar ekanmiz, biz o'z-o'zimizni halokatdan halos etamiz.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida "Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig'imlarni to'lashi shart degan norma belgilangan. Ushbu norma barcha fuqarolarga soliq va boshqa yig'imlarni o'z vaqtida to'lash majburiyatini yuklaydi.
Soliq va yig'im tushunchalariga soliq kodeksining 16-moddasida ta'rif berilgan. Soliq bu O'zbekiston Respublikasining davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg'armalariga to'lanadigan majburiy beg'araz to'lov tushuniladi.
Yig'im deganda budjet tizimiga soliq kodeksida yoki boshqa qonunchalik hujjatlarida belgilangan majburiy to'lov tushuniladi, bu yig'imning to'lanishi uni to'lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo'ladi.
Yig'imlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va to'lash tartibi Soliq kodeksida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig'imning asosiy xususiyati shundaki, uni to'laganlik uchun davlatning qaysidir organlari fuqarolarning manfaatlari uchun harakat qiladi.
Qo'shimcha sifatida shuni aytish joizki, soliq va yig'imlarni o'z vaqtida to'lamaslik yoki to'lashdan bo'yin tovlash uchun qonunchiligimizda jinoiy va ma'muriy javobgarliklar mavjud.
Fuqarolarning konstitutsiyada belgilangan burchlaridan yana biri bu harbiy xizmatni o'tash va vatanni himoya qilish majburiyatidir. Ushbu normaga ko'ra, konstitutsiyamizning 64-moddasida belgilanganidek, O'zbekiston Respublikasini himoya qilish O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o'tashga majburdirlar.
O'zbekiston Respublikasini o'zining vatani deb hisoblagan har bir inson uni himoya qilishi nihoyatda zarur va tabiiy talabdir. Mazkur burchning mazmuni:
Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi mustaqilligini himoya qilish;
Ikkinchidan, O'zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini himoya qilish;
Uchinchidan, respublikaning barcha sohalari bo'yicha manfaatlarini himoya qilishni;
To'rtinchidan, O'zbekiston aholisining tinch va osoyishta, xavfsiz va faravon hayot kechirishi uchun zarur bo'lgan siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy, harbiy tadbirlarda faol qatnashish kabi talablarni o'z ichiga oladi.
Fuqarolarning bu asosiy burchi boshqa davlatlarning doimiy yoki vaqtincha O'zbekistonda yashab turgan fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan insonlarga taalluqli emas. Chunki ular O'zbekiston Respublikasida harbiy xizmatga yoki harbiy tayyorgarlikka jalb qilinmaydi.
Harbiy xizmat O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turidir.
Harbiy xizmatning quyidagi turlari joriy etiladi:
•Muddatli harbiy xizmat;
•Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
•Kontrakt bo'yicha harbiy xizmat;
•O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o'tagan rezervchilar xizmati.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, fuqarolarning burchlari konstitutsiya miqyosida belgilanishi uni fuqarolar uchun bajarilishi majburiy hisoblangan majburiyati ekanligini anglash mumkin. Chunki konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to'g'ridan-to'g'ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil qiladi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi konstitutsiyada belgilab qo'yilgan burchlarini bajaradilar . Atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish orqali o'zimiz uchun, yaxshi yashashimiz uchun, qulay va sog'lom muhitni yaratishimiz mumkin. Tarixiy, madaniy, ma'naviy va ilmiy merosimizni asrab avaylash orqali nafaqat ularni balki o'zligimizni asrab qolishimiz va ushbu merosni kelajak avlodga yetkazishimiz mumkin.
Nukus tumani yuridik xizmat
ko’rsatish markazi boshlig’i: G Izekeeva.